Samarqand davlat universitetida “Bul yurak dog’indadur” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy anjuman o’tkazildi. Mazkur tadbir yozuvchi va shoir, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Abdumannop Egamberdiyev tavalludining 95 yilligiga bag’ishlandi. Marosimni Samarqand davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori Rustam Yo’ldoshev kirish so’zi bilan ochdi.

    Anjumanda filologiya fanlari doktori Usmon Qobilov “Ilm-ma’rifat va ijodni anglash saodati”, dotsent Sobirjon Tohirov “A’ruz she’riyati tuhfasi”, BuxDU o’zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Husniddin Eshonqulov “Abdumannop Egamberdining aruziy she’rlari” nomli ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

    - Taniqli olim, mohir yozuvchi va shoir Abdumannop Egamberdiyevning  hayot yo’li, ilmu ijod va millat ma’rifati oldidagi beminnat xizmatlari  e’tiborga loyiqdir, - deydi SamDU dotsenti Usmon Qobilov. – Olimning faoliyati dunyo miqyosida olib qaralganda ham mamlakatimiz madaniyati tarixida o’chmas iz qoldirgan. U davlat arbobi, ilm-fan fidoyisi, mohir pedagog, badiiy ijod shaydosi bo’lib tarixga kirdi. Ma’lumki, badiiy adabiyot rivojida faqat soha vakillari emas, balki turli jabhalarda faoliyat ko’rsatayotgan shaxslar tajribalari ham muhim o’rin tutadi. Bu tajriba jahon adabiyotida ham, milliy adabiyotlarda ham kuzatiladigan hodisadir va goho shunday siymolar, yaratgan asarlar adabiy jarayon manzaalarini ham belgilab beradi. O’zbek ilm-fani va adabiyoti tarixida ham shunday shaxslar ko’plab uchraydi. Ulardan biri olim va ijodkor Abdumannop Egamberdi bo’lib, u ilm-fan bilan mashhurlik sari qadam tashlamagan davrlaridayoq, badiiy ijod, she’riyatga mehr ko’rsatgan…

    Anjumanda Abdumannop Egamberdiyevning farzandi, Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev ham onlayn ishtirok etib, otasi haqidagi xotiralarini ulashdi.

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati.

    Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.