Xabiba Abdiyeva - Samarqand davlat universiteti dasturiy injiniring kafedrasi 3-bosqich tayanch doktoranti. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti professori Shavkat Fazilov rahbarligida “Mammografiya tasvirlari asosida ko‘krak o‘sma sohalarini segmentlash va tashxislash algoritmlari” mavzusida izlanishlar olib bormoqda. 
    Tadqiqotchining 30 ga yaqin maqolasi AQSH, Hindiston, Angliya, Germaniya, Fransiya, Polsha, Rossiya, Gruziya  kabi davlatlarning xalqaro jurnallari, konferensiya to’plamlari va markaziy nashrlarda e’lon qilingan. 5 maqolasi Scopus va Web of Scince bazasiga kiruvchi jurnallarda chop etilgan. 
    Tibbiyot tasvirlari asosida kasalliklarni tashhislash bo’yicha Adliya vazirligining 5 guvohnomasiga ega. Chet tilini bilish bo’yicha B2 milliy sertifikatiga ega. IEEE (Elektr va elektronika injinerlari instituti) xalqaro tashkilotining a‘zosi.
    -Tibbiyotda tibbiy tasvirlarni tahlil qilish va kerakli ma’lumotlarni ajratib olish, istalgan kasallikka tashxis qo’yishda hal qiluvchi bosqich hisoblanadi. MRT, endoskopiya, X-nurli, ultratovushli tekshiruvlarda yuqori energiya sifatli tibbiyot tasviri olishni ta’minlaydi. Afsuski, ushbu uskunalardagi yuqori energiya dozasi odam tanasiga zarar keltiradi, past energiya orqali olingan tibbiyot tasvirlarda esa sifat ancha past bo’ladi, - deydi doktorant Xabiba Abdiyeva. -  Kompyuter yordamida tashxis qo’yish  tizimlari esa tibbiyot tasvirining sifatini yaxshilaydi, uni o’qishni osonlashtiradi va kerakli ma’lumotlarni ajratib olishga yordam beradi, bu esa diagnoz qo’yishni arzonlashtiradi. Shu bilan birga bemor tanasiga yetkaziladigan zarar va og’riqni kamaytiradi. Kompyuter yordamida tashxis qo’yish  tizimlari sun’iy tafakkur, kompyuterli nigoh va tibbiyot tasvirlarni qayta ishlash metodlarini o’z ichiga oladi. Ushbu  tizim va algoritmlarining asosiy vazifasi odam tanasidagi o’zgarishlarni aniqlash va asosan tanadagi asosiy ko’rikda aniqlanilmagan o’simtalarni topishdir. Mazkur dasturiy ta’minot xavfli yoki xavfsiz o’smalarni aniqlaydi,  farqlaydi va ularni belgilaydi. Hozirda tibbiyot tasvirlarini qayta ishlash sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar tahlili shuni ko’rsatadiki, mammografiya tasvirlari asosida ko’krak o’sma sohalarini segmentlash va tashxislash muammosi yetarli darajada o’rganilmagan. Shu sababli tibbiyot tasvirlariga dastlabki ishlov berish, segmentlash, o’sma sohalarini aniqlash va tasxishlash algoritm va usullarini ishlab chiqish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Tadqiqotimizning maqsadi mammografiya tasvirlari asosida ko’krak o’sma sohalarini segmentlash va tashxislash algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat... 
    O’zbekistonda yiliga har 12 ayoldan biriga ko’krak bezi saratoni tashxisi qo’yiladi. Mamlakatimizda eng ko’p ayollar ko’krak bezi saratonidan vafot etadi. U qanchalik tez aniqlansa, kasallikni oldini olish ehtimoli shunchalik yuqori bo’ladi...