Sarvinoz Jo’raqulova – Samarqand davlat universiteti tarmoqlar iqtisodiyoti kafedrasi doktoranti. Toshkent davlat transport universiteti professori Bahodir To’rayev ilmiy rahbarligida “Agroturizmni samarali rivojlantirish strategiyasi” mavzusida tadqiqot olib bormoqda. Xorijiy ilmiy maslahatchisi Hindistonning Bombey texnologiya universiteti professori Proveen Malla.

    Tadqiqotchining 10 ga yaqin maqolasi Rossiya, Xitoy, Eron, Hindiston kabi davlatlarning xalqaro jurnal va respublika konferensiyalarida e’lon qilingan. Chet tilini bilish bo’yicha B2 milliy sertifikatiga ega.

    - Tadqiqotdan asosiy maqsad iqtisodiyotni raqamlashtirish sharoitida Agroturizmni samarali rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqish va rivojlantirishdir, - deydi – Sarvinoz Jo’raqulova. - Agroturizm xizmatlar bozorining rivojlanish yo‘nalishlarini joriy etish, asosida ulardan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda... Agroturizm qishloq turizmining o'ziga xos turi bo'lib, qishloq va shahar aholisi o'rtasidagi tafovutni kamaytiradi. Bu hali ham rivojlanmagan, rivojlanayotgan bozor. Yosh avlod nafaqat dam olish, zavqlanish, balki bilim olish istagi bilan ajralib turadi. Shu ma’noda agroturizm o‘quv turizmining segmentini o‘z ichiga oladi, u orqali turist fermer xo‘jaliklarining kundalik faoliyati bilan bog‘liq turli faoliyat turlari haqida bilim oladi. Agroturizmda sayyohlar dehqonlar bilan bir qatorda dehqonchilik bilan shugʻullanadilar, hosil yetishtirish va yigʻishtirishda qatnashadilar. Ta'lim agroturizmi turli qishloq xo'jaligi va qishloq xo'jaligidan tashqari ta'lim muassasalarida jadal rivojlanmoqda va uzoq vaqt davomida o'z mashhurligini saqlab qolishi mumkin… Agroturizm bo'yicha sayyohlik agentlari agroturizm paketlarini sotishda juda muhim rol o'ynaydi. Insonlar agroturizm, ekoturizm va tegishli tushunchalardan deyarli bexabar. Bu turizm sanoatining o'rganilmagan sohasi bo'lib, u haqida ko'pchilik ma’lumotga ega emas. Ma’lumki, agroturizm qishloqni rivojlantirishning samarali vositasidir.     Agroturizm fermer va dehqon xo‘jaliklarining qo‘shimcha daromad manbai sifatida qishloq infratuzilmasini yaxshilab, yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda. Aholining qariyb yarmi qishloq  joylarda istiqomat qilayotgan O‘zbekistonda agroturizm ulkan salohiyatga ega va agrar islohotlarning harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanishi mumkin...

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.