Ular orasida 4000 yilgacha umr ko‘radigan daraxtlar ham bor…

    Ikki bo‘lakli ginkgo - Ginkgo biloba

Vatani: Xitoy, Yaponiya. Ginkgo ikki uyli, relikt yirik daraxt. Balandligi 40, tana diametri 3,0-4,5 metr, 1000 yilgacha yashaydi. Samarqandda 1873 yillarda ekilgan. Hozir uning asriy 2 tupi o‘sib turibdi: bir tupi Samarqand davlat universiteti Biokimyo kampusi hovlisida, ikkinchi tupi esa Samarqand shahar hokimiyati hovlisida. Ushbu daraxtlar har yili urug‘ beradi, urug‘lari yaxshi unadi. Xitoy va Yaponiyada madaniy navlari yaratilgan, mevali daraxt sifatida foydalaniladi, barglari dorivorlik xususiyatiga ega. 20° - 25°C sovuqqa ham chidaydi.

    Botqoq sarvi - Taxodium distychum

Vatani: Shimoliy Amerika, Meksika. Bo‘yi 40, tana aylanasi 3 metrgacha yetadigan kuzda bargini to‘kuvchi, ajoyib manzarali relikt daraxt. Botqoqliklarda, daryo, ko‘l bo‘ylarida o‘sadi, qoziqsimon havoyi yer usti ildizlar hosil qiladi. Samarqandda 1874 yillarda ekilgan. Hozirda shahar Markaziy istirohat bog‘idagi ko‘l hududida 5 tupi o‘sib turibdi. Sovuqqa chidamli, - 25°S darajada ham deyarli zararlanmaydi. Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti kampusi hovlisida 34 yoshli tupi o‘smoqda. Nihoyatda serhosil, har yili qubbalar hosil qiladi. Urug‘idan ko‘paytirish mumkin.

    Gigant sekvoyyadendron, mamont daraxti - Sequajadendron giganteum

Vatani: Shimoliy Amerika, Kaliforniya. Sekvoyyadendron bo‘yi 130-135, tana aylanasi 16-20 metr, yirik, doimo yashil relikt daraxt. 4000 yilgacha yashaydi. Samarqandda 1872 yilda ekilgan. Hozir yagona asriy tupi Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti hovlisida o‘smoqda, bo‘yi 7-8 metr, urug‘ hosil qilmaydi. 25-27 yoshli 2 tupi shahar ko‘kalamlashtirish idorasi hovlisida va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari chorrahasida o‘sib turibdi. O‘sish holati juda yaxshi.

    Livan kedri - Sedrus Libani

Vatani: Kichik Osiyo – O‘rta yer dengizi bo‘yi hududi. Balandligi 40, tana aylanasi 10-11 metrgacha boradigan, 3000 yilgacha yashaydigan ajoyib manzarali daraxt. Yog‘ochi juda qattiq va qimmatli qurilish materiali hisoblanadi. Samarqandda 1874 yillarda ekilgan. Hozir shaharda yagona asriy tupi saqlangan, bo‘yi 18-20, tana aylanasi 3 metr bo‘lib, Samarqand davlat universiteti Bosh binosi hovlisida o‘sib turibdi. Har yili hosil beradi, urug‘lari yaxshi unadi. Biokimyo instituti kampusida ham 25-27 yoshli, 9-10 metrli tupi o‘stirilmoqda. - 20° - 25 °S dan past haroratga ham chidaydi.

    Yurakbarg juka - Tilia sordata

Vatani: Markaziy va G‘arbiy Yevropa. Bo‘yi 22, tana yo‘g‘onligi 1 metr. Xushmanzarali daraxt. Shahrimizga 1875-1878 yillarda keltirilib ekilgan. Bir nechta asriy tuplari Samarqandning Amir Temur, Mahmud Qoshg‘ariy ko‘chalarida, Samarqand davlat universiteti Bosh binosi hovlisida, shahar istirohat bog‘ida o‘sib turibdi. Har yili yaxshi hosil beradi. Urug‘idan ko‘paytiriladi.

    Pensilvaniya shumtoli (Qorashumtol) - Fraxinus pensylvanisa

Vatani: Yevropa. Yirik manzarali daraxt, Samarqandga 1875-1880 yillarda keltirilgan. Hozir Samarqand davlat universitetining Biokimyo instituti kampusida 5 tup, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur ko‘chalaridagi hovlilarda 10 dan ortiq bo‘yi 20-22 metrgacha bo‘lgan tuplari o‘sib turibdi. Urug‘idan yaxshi ko‘payadi. Juda serhosil.

    Qo‘ng‘ir eman - Quersus robur.

Vatani: Sharqiy Yevropa. Bo‘yi 20-25, tana aylanasi 3 metrgacha yetadigan manzarali va yog‘ochi qimmatli, 300-400 yil yashaydigan daraxt. Samarqandda 1874 yillarda ekilgan. Hozir shaharda o‘nlab asriy tuplari o‘sib turibdi. Ular Samarqand davlat universiteti Bosh binosi, Abdurahmon Jomiy, O‘zbekiston, Ibn-Xoldun, Alisher Navoiy ko‘chalaridagi hovlilarda saqlangan. Umumiy holati ancha yaxshi. Har yili urug‘ beradi.

    Qrim qarag‘ayi, Pallas karag‘ayi - Pinus pallatsiana

Vatani: Qrim yarim oroli. Bo‘yi 35, tana aylanasi 2-3 metr, ajoyib manzarali va yog‘ochi qimmat ignabargli daraxt. Samarqandda 1872 yillarda ekilgan, O‘zbekiston sharoitiga juda yaxshi moslashgan. Shaharda va Omonqo‘ton o‘rmon xo‘jaligi hududida asriy tuplari anchagina bor. Ular shahrimizning Beruniy, Amir Temur, Mustaqillik ko‘chalarida, shahar Markaziy istirohat bog‘ida, Samarqand davlat universiteti Bosh binosi hovlisida o‘sib turganini ko‘rish mumkin. Ko‘pchiligi soyabonsimon shaklga kirgan. Har yili hosil beradi, urug‘idan yaxshi ko‘payadi.

 

Ulug‘bek Ochilov,

Samarqand davlat universiteti

botanika kafedrasi doktoranti.