Tarix. 2023-yil 8-iyun... Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov va Janubiy Koreyaning Yeungnam universiteti prezidenti Choi Oe-Chool o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Mazkur hujjatga ko‘ra SamDU da Ilmiy tadqiqot markazi tashkil etish belgilangandi.

Bugun. 2024-yil 23-fevral... Oradan 8 oy o‘tdi. Samarqand davlat universitetida ZOOM platformasi orqali “Inson resurslarini boshqarish va Saemaul taʼlimoti” ilmiy-tadqiqot markazi tantanali ochildi.

Anjumanda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Akmal Axatov, Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish instituti direktori Shohrux Jo‘raqulov va bir qator olimlar ishtirok etdi.

Janubiy Koreya tomonidan Yeungnam universiteti prezidenti Choi Oe-Chool, xalqaro taʼlim bo‘yicha ijrochi vitse-prezident HUH Chang Deog, Xalqaro taraqqiyot aloqalari instituti direktori, professor LEE Ju-hyung, Innovatsion boshqaruv bo‘yicha ijrochi vitse-prezident Han Dong Geun va universitet professor-o‘qituvchilari qatnashdi.

Markazni ochishdan asosiy maqsad inson resurslarini boshqarish va mahalla rivojlanishi bo‘yicha yangi fanlararo taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, inson resurslari hamda mahalla taraqqiyotini boshqarish bo‘yicha respublika va xalqaro grantlarda ishtirok etish, Yeungnam universiteti tomonidan o‘tkazilayotgan Saemaul o‘quv dasturlarini kreativ(ijodiy) qo‘llash orqali mahalla boshqaruvi sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassis kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishdan iborat.

Muloqot davomida mutassadilar markaz faoliyatini yaxshilash bo‘yicha o‘zining fikr va takliflarini ilgari surdi va asosiy vazifalar belgilab olindi.

Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish yo‘nalishida taʼlim dasturlarini Yongnam universiteti tajribasi asosida takomillashtirish, “Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish” O‘zbekiston-Koreya qo‘shma institutini ochish, inson resurslarini boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha magistratura hamda doktorantura ixtisosligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.

Mazkur markazda “Inson resurslarini samarali boshqarish va mahallabay ishlash” mavzusidagi tadqiqotlarni amalga oshirish, malaka oshirish kurslarini ochish hamda “Mahalla taraqqiyotida Sayemaul Undong taʼlimotidan foydalanishning metodologik asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi xalqaro grant doirasida hamkorlikda tadqiqotlar olib borishga kelishildi.

“Inson resurslarini boshqarish va Saemaul taʼlimoti” ilmiy-tadqiqot markazida ilk maʼruzani Yeungnam universiteti innovatsion boshqaruv bo‘yicha ijrochi vitse-prezident Han Dong Geun o‘qidi.

Marosim davomida markazning Nizomi imzolandi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.