Samarqand davlat universiteti zoologiya muzeyida qor qoplonining noyob eksponati mavjud. Muzey mas’ul xodimi Bahodir Muhammadiyevning aytishicha, ushbu jonzot 1936 yilda ovchilar tomonidan Tojikistonning Ko‘li Kalon hududidan ovlangan. So‘ngra Samarqandga olib kelingan. Bundan xabar topgan SamDU olimlari qor qoplonini muzeyga olib kelishadi. O‘sha paytdagi muzey ilmiy xodimi  tomonidan ishlov berilib, eksponat holiga keltiriladi. Ushbu qor qoplonining yoshi taxminan 10-12 yoshda bo‘lgan. Mazkur eksponat O‘zbekistonda yagona bo‘lishi mumkin.
    Qor qoploni bugungi kunda yo‘qolib borish arafasida turibdi. O‘zbekiston va Xalqaro qizil kitobga kiritilgan. Ayni vaqtda yurtimizning Gʻarbiy Tyan-Shan (Ugom, Piskom va Chotqol tizmalari) hududlarida 10-15 tadan 30-40 tagacha, Gʻarbiy Pomir-Olay (Turkiston, Zarafshon va Hisor tizmalari) hudularida esa 20-30 tadan 50-80 tagacha uchraydi. 
    O‘zbekistondan tashqari Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Gʻarbiy Sibir janubi, Mug‘iliston, Xitoy, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Nepal, Butan kabi davlatlarida yashaydi.


Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.