Gidroponika - oʻsimlikni tuproqsiz, suvli muhitda oʻstirish usuli hisoblanadi. Ushbu usuldan samarali foydalanish yo‘llarining joriy etilishi 1800-yillarga borib taqaladi. So‘nggi paytlarda chorvachilik, parrandachilik sohalarida yashil massali yem-xashakka bo‘lgan talabni qisman qondirishning qulay usullaridan biri- gidroponika usuli hisoblanadi.  Gidroponika usulida ozuqa manbaasi sifatida ko‘p qo‘llaniladigan makkajo‘xori, arpa, jo‘xori, javdar, va tritikale kabilarning  yashil massasini yetishtirish mumkin. Yashil massa ko‘pchilik qishloq xo‘jaligi hayvonlari uchun asosiy sersuv, ozuqaviylik qiymati yuqori bo‘lgan oziqa ratsioni hisoblanadi. Gidroponika usulida yetishtiriladigan yashil massali ozuqalar C, E, K va B guruhi vitaminlarining manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ular ayniqsa riboflavin va karotinga boy. Yashil ozuqa tarkibida estrogenik moddalar mavjud bo‘lib, ular jinsiy reflekslarning namoyon bo‘lishiga yordam beradi, hayvonlar organizmida reproduktiv xususiyatlarini oshiradi, sut mahsuldorligi va tirik vaznning oshishini ta’minlaydi.

    Gidroponika usulida yetishtirilgan ozuqalarning ozuqaviy qiymati donli ekinlar doni va yashil yem-xashakdan kam emas, ayniqsa mahalliy bug‘doyni gidroponika usulida 7 kun mobaynida o‘stirib, olingan gidroponik  yashil bug‘doy bilan tovuqlar ozuqa ratsioni boyitilganda, uning umumiy ozuqaviy qiymati 13,4 foizga, tarkibidagi kalsiy 34 foziga oshadi. Shuningdek, o‘zining xossalari va xususiyatlariga ko‘ra gidroponika usulida yetishtirilgan ozuqalar fermentlar faolligini oshirishi, hazm qilish tizimining harakat funksiyasini va hazm shirasining sekretsiyasini oshirishi kabi xususiyatlari bilan alohida ahamiyatga ega.

    Gidroponika usuli quyidagi afzalliklarga ega.

Istiqbolli vа kamxarajat bo‘lgan gidroponik ozuqalardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi hayvonlarini sifatli tabiiy ozuqa zaxirasini boyitishni, va to‘yimli  ratsion bilan oziqlantirilishini ta’minlaydi. Gidroponika usulida ozuqa yetishtirish tuproqli muhitni talab qilmaydi. Shuning uchun yer maydonini tejash imkonini beradi.  Olingan gidroponik ozuqalar parrandachilik fermalariga ratsionni boyitish uchun yetkazib beriladi, natijada har yili import qilinadigan ozuqaga sarflanadigan mablag‘ tejaladi. Gidroponika usulida yetishtiriladigan ozuqalar 7-8 kunda foydalanishga tayyor bo‘ladi. Yetishtirish sharoiti va tayyor bo‘lishi kam vaqt talab qilganligi uchun parvalishlash nisbatan oson. Bir kilogramm bug‘doyni yetti kun davomida yetishtirish uchun ikki litr suv sarflanadi, bu esa suvni tejash imkonini beradi. Tuproqsiz muhitda o‘stirilganligi uchun tuproqni boyitishga va  turli kasalliklaga qarshi qo‘llaniladigan kimyoviy vositalar hamda jarayonlardan voz kechiladi, ularga sarflanadigan mablag‘ tejaladi. Turli kimyoviy vositalardan hamda yerdan foydalanilmaganligi sababli tuproq ifloslanishining oldi olinadi, ekologik toza mahsulot yetishtiriladi.

    Gidroponika usulida yetishtirilgan ozuqalarni yilning 4 faslida ham yetishtirish, uzoq muddat saqlash, yetishtirilgan ozuqalardan nafaqat parrandachilikda, balki qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari jumladan, baliqchilik, bedanachilik va chorvachilikda ham foydalanish mumkin.

            

 Munisa Abdisalomova

 Samarqand davlat universiteti

 odam va hayvonlar fiziologiyasi va biokimyo kafedrasi doktoranti.