Mamlakatimiz bo‘ylab 8-mart xotin-qizlar bayrami keng nishonlanayotgan shu kunlarda sizlar bilan uchrashib turganimdan, bayram bilan muborakbod etayotganligimdan mamnunman.

Xotin-qizlar bayrami hammamiz uchun qadrli va azizdir. Chunki ayollarimizsiz hayotimizni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sizlar borsizki, umrimizni har bir kuni go‘zal, faraxbaxsh. Siz borsizki, jamiyatning har bir bo‘g‘inida nafosat bor, mehr bor, muhabbat bor, ezgulik bor.

Inson zoti o‘zini dunyoga keltirgan, ulg‘aytirgan, jonidan jon, qonidan qon bergan Onalar oldida bosh egib taʼzim qilishi kerak.

Ayniqsa, o‘zbek onasi degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan aziz opa-singillarimizni, muhtarama ayollarimizni bir qo‘li bilan beshik tebratib, bir qo‘li bilan dunyoni tebratish mahoratlariga, jasoratlariga tan bermaslikni iloji yo‘q.

Bugun bu yerga Samarqand zaminining eng ziyoli, eng oqila, olima ayollari tashrif buyurgan.

Samarqand davlat universitetining shonli tarixini, bugungi kunlarini yorug‘ kelajagini Siz olima ayollarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Bugungi kunda Samarqand davlat universitetida 242 nafar ayol professor-o‘qituvchilarni faoliyat ko‘rsatayotganligi ham fikrimizning yorqin dalilidir. Faxr-iftixor bilan shuni taʼkidlamoqchimanki, ularni 132 nafari ilmiy darajaga ega. Ayol olimalarimiz orasida fan doktori, professorlar, fan nomzodi, dotsentlar, shuningdek falsafa fanlari bo‘yicha doktorlar bor.

Birgina 2023-yilning yanvaridan 2024-yil martigacha 36 nafar ayol falsafa doktorligi va 1 fan nafari doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.

SamDU ning olima ayollaridan 52 nafarini Scopus bazasiga kiruvchi jurnallarda maqolasi eʼlon qilinganligi juda katta, qiyin mehnatning samarasidir. Shu o‘rinda olima ayollarimiz nafaqat ilm-fanning, balki oila, ro‘zg‘or deb atalmish mashaqqatlarini ham o‘z zimmasiga olayotganliklarini alohida taʼkidlashni istardim.

Olima ayollarning safi kengayishi mamlakatni yana-da yuksalishidan, ilm-maʼrifatli avlodlar yetishib chiqishidan dalolatdir. Shu o‘rinda turli darajadagi rahbarlar, erkaklarimiz, yigitlar ko‘proq masʼuliyatni, mashaqqatni o‘z zimmalariga olsalar ayollarni yukini kamaytirsalar yana-da yaxshi bo‘lar edi, deb o‘ylayman.

Bugungi kunda Samarqand davlat universitetining tayanch doktorantlarini 182 nafarini xotin-qizlar tashkil etayotganligi quvonarli hodisadir. Ularni sonini yana-da oshirish borasida harakatlarni kuchaytirishimiz kerak.

Chet tillarini yaxshi biladigan, zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirib olgan bugungi kun ayoli oldida dunyo bir qadamdir. Buni quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi.

30 ga yaqin ayol o‘qituvchilarimiz va 20 ga yaqin talaba qizlarimiz xorijiy universitetlarda stajirovka o‘tashdi, xalqaro tanlov va loyihalarda ishtirok etishdi.

Bugun universitetda tahsil olayotgan 20322 nafar talaba va magistrantlarning 11217 nafarini yaʼni 55,2 foizini qizlar tashkil etadi. Ular orasida bakalavriat 20 nafar, magistraturada esa 4 nafar talaba qiz Prezident va davlat stipendiantlari sohibi bo‘ldi.

Talaba qizlarimiz nafaqat gumanitar fanlar, balki aniq fanlar bo‘yicha ham katta natijalarga erishayotganligini alohida taʼkidlashni istayman. Muhandislik fizikasi instituti talabalari Ozoda Inayatullo va Nafisa Rahmonovalar stratosferaga ultrazamonaviy nanosunʼiy yo‘ldosh uchirganini juda katta voqea sifatida eʼtirof etmoqchiman.

Xotin-qiz o‘qituvchi va talabalar orasida davlat mukofoti sovrindori, jahon va Osiyo chempionlari, xalqaro mukofotga ega bo‘lganlar ham bor. Jahon tarixi kafedrasi mudiri Shohista Hamroqulova va falsafa kafedrasi dotsenti Mahbuba Ergashovalar “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Diffirensial tenglamalar kafedrasi doktoranti Umida Jo‘rayeva va filologiya fakulteti talabasi Mahbuba Xalilovalar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi bo‘lishgan. Pedagogika taʼlimi fakulteti talabasi Nilufar Polvonova qo‘l jangi bo‘yicha, Navbahor Hamidova esa boks bo‘yicha Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sarvinoz Husanova - dzyudo, Marjona Avazova esa qo‘l kurashi bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘lishgan. Musiqa taʼlimi yo‘nalishi talabasi Diyora Jafarova “Nihol” mukofotini qo‘lga kiritgan.

Olima ayollarimizning zahmatli mehnatlari xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilayotganligi ham aytib o‘tish o‘rinlidir. Samarqand davlat universiteti ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti Leyla Belyalova BBC tomonidan eʼlon qilingan “Dunyoning nufuzli 100 ayoli” ro‘yxatiga kiritilgan.

Aziz ayollarimiz sizlarni qancha qadrlasak, eʼzozlasak, hurmat ko‘rsatsak, shuncha kam. Men Sizlar orqali butun O‘zbekiston ayollarini chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga baxt va omad, mehr-muhabbat tilayman. Yuzingizdan tabassum arimasin. Siz borsizki, bu hayot bor. Bayramingiz muborak bo‘lsin!