“Oʻzbekiston tarixi. IX jild. Samarqand tarixi. Mas’ul muharrir, nashrga tayyorlovchi va ijodiy guruh rahbari SamDU professori Bobur Gʻoyibov. Ayni shu nomdagi kitob lotin va kirill alifbosida Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti olimlari tomonidan yaratildi. Jamoaviy monografiya Samarqand shahrining qadimgi davrdan to bugungi kunga qadar bo‘lgan tarixini qamrab olgan bo‘lib, keyingi yarim asrlik xulosalar umumlashtirilgan.

    470 sahifadan iborat makur monografiya jahonning qadim shaharlaridan biri bo'lgan Samarqand tarixiga bag'ishlanadi. Tadqiqot markaziy Zarafshon vohasining eng qadimgi va qadim davri, Samarqand shahrining vujudga kelishi va antik davri, ilk o'rta asrlar (V-VIII), rivojlangan o'rta asrlar (IX-XIV), Amir Temur va temuriylar davri, o'zbek xonliklari davri, Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davri, sovet totalitarizmi davri, shaharning eng yangi davri tarixini o'z ichiga oladi. Monografiyani yaratishda markaziy Zarafshon vohasining insoniyat sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo'lganligiga, Samarqand shahrining vujudga kelishi va tarixda turli davlatlarning markazi sifatida muhim siyosiy ahamiyat kasb etganligiga, shaharning turli davrlardagi madaniy jarayonlar markazida turganligiga, mintaqa shaharlari orasidagi o'rni hamda mustaqillik yillarida mamlakat taraqqiyotiga qo'shgan ulushiga e'tibor qaratilgan. Tadqiqot tarixchilar, arxeologlar, etnologlar va Vatan tarixi bilan qiziqqan keng jamoatchilikka mo'ljallangan.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.