Toshpo‘lat Rajabov, SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori, dotsent:

    –  Bugun insoniyat sivilizatsiya va taraqqiyot asrida yashamoqda. Ilm-fan o‘zining bor imkoniyatlari bilan chinakam bilim sohiblarining har bir jabhada yuqori o‘rinda turishiga sababchi bo‘layotganini davrning o‘zi isbotlab turibdi. Ana shu evrilishlarda qachonlardir tabiat, koinot haqida tafakkur qilgan, ilm-fanning dastlabki pillapoyalarini bunyod etgan ajdodlarimizning hissasi borligini, bu o‘lka hamisha ilmu ma’rifat, madaniyat va tafakkur beshigi bo‘lib kelganligini unutmasligimiz lozim. Ilm-fan bilan birga milliy qadriyatlar ham bizga ajdodlardan merosdir. Navro‘zdan Navro‘zgacha bo‘lgan eng katta yangiliklardan biri bu SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutining tashkil etilishi bo‘ldi. Institut tashkil etilgan ilk davrlardan boshlab, bor e’tiborimizni ilmiy faoliyat va xalqaro hamkorlik sohalariga qaratdik. Bu borada institutda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun Agrobiotexnologiyalar transferi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining tashkil etilishi,  xalqaro aloqalar o‘rnatishda bir nechta mamlakatlarga uyushtirilgan xorij safarlarini misol qilib keltirish mumkin. O‘tgan davr ichida Italiya, Vengriya, Yaponiya kabi davlatlarda bo‘lib, tegishli sohalarda xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bilan bir qatorda, xorij tajribasini o‘rgandik. Ayniqsa, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov bilan Yaponiyaning Tottori universitetiga qilgan tashrifimiz ikki tomon uchun muhim imkoniyatlar eshigini ochdi. Ayni paytda SamDU talabalarini talaba almashinuvi, qo‘shma ta’lim kabi dasturlar bo‘yicha Yaponiyaga o‘qishga yuborish uchun katta ishlar amalga oshirilmoqda.