Samarqand davlat universitetiga Yaponiyaning Nagoya universiteti xalqaro hamkorlik bo’limi boshlig’i Yamada Toshiyuki boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar bilan SamDU xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektor Akmal Axatov uchrashdi.

    Tashrif davomida talaba, tadqiqotchi va professor-o’qituvchilar almashinuvi bo’yicha so’z yuritildi. Shuningdek, SamDUning ilmiy izlanuvchilari Nagoya universitetida doktoranturada o’qish va Yaponiyada dissertatsiyalarini himoya qilish masalalari muhokama etildi.

     Hamkorlikda yaylov muammolarini yechish, kimyo, fizika, yadro fizika, muhandislik sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan fikr almashildi. Qolaversa, Samarqand davlat universitetidagi “Botanika bog’i”da “Yapon bog’i”ni tashkil etishga kelishildi.

    - Ilk bor Samarqandga tashrif buyurishim. Ajoyib shahar, menga juda yoqdi, - deydi Yamada Toshiyuki. – Samarqand davlat universitetida yaxshi ilmiy muhit shakllangan. Universitet kampuslari ham juda chiroyli. Hamkorligimiz samarali bo’lishiga ishonaman. Universitetingizda yapon tili va madaniyati markazining borligi va yaponiyalik talabalarning tahsil olishi meni xursand qildi.  SamDUga Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjarning tashrif buyurgani bu juda katta voqea. Uning nomida laboratoriya tashkil qilinganligi bizda katta taassurot qoldirdi…

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.