Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifi kunlarida o‘zbekistonlik taniqli fiziolog olim, Jahon fiziologlar jamiyatining akademigi Bakriddin Zaripovning yangi kitobi AQSH da chop etildi.

    “Integral ovqatlanish bo‘yicha qo‘llanma” (“Integral Nutritional Guide”) kitobi Nyu-Yorkdagi “Vet-Vittels” kompaniyasi prezidenti, biologiya fanlari doktori, Harvard universiteti professori, akademik Efroim Gurman bilan hammualliflikda yozilgan bo‘lib, u AQSHning “Xlibris” nashriyoti tomonidan ingliz tilida nashr qilindi. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar nafaqat ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda, balki madaniy-ma’rifiy, ilm-fan yo‘nalishlarida ham tobora mustahkamlanib borayotganining yorqin dalilidir. 

    “Integral ovqatlanish bo‘yicha qo‘llanma”ni to‘g‘ri ovqatlanish, inson salomatligini mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi g‘oyalar ensiklopediyasi, deyish mumkin. Zero, sodda til, xalqona uslubda yozilgan kitob har bir kishiga to‘g‘ri ovqatlanish orqali hayotdagi o‘z maqsadlariga erishish uchun eng yaqin maslahatchi bo‘la oladi. Chunki mualliflar ma’lumotlarni murakkab ilmiy terminlardan imkon qadar qochib, o‘quvchilarning barcha qatlami uchun tushunarli bo‘lgan usulda taqdim etishgan. Shu bois yangi asarning elektron va bosma nusxalariga bo‘lgan talab hozirdanoq oshib ketdi. Ayni paytda kitob AQSH va ingliz tilli davlatlarda sotilayotgan bo‘lsa, bir qancha nashriyotlar uni ispan, portugal, xitoy tillariga tarjima qilish bo‘yicha takliflarini berishmoqda. 

    Bu bejiz emas, albatta. Negaki, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish davrimizning eng dolzarb muammolaridan biriga aylangan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti prognoziga ko‘ra, 2030 yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semizlikdan aziyat chekishi mumkin ekan. 

    Fiziolog olimlar yangi asar orqali ushbu global muammoga sog‘lom turmush tarzi orqali samarali yechim topish mumkin, degan g‘oyani ilgari surishmoqda. Shundan kelib chiqib, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha yangi tavsiyalarini berishadi. Unga ko‘ra, kundalik yog‘ iste’moli kattalar ratsionidan joy olgan mahsulotlar umumiy quvvatining 30 foizidan oshmasligi kerak. Bundan tashqari, shakar iste’molini cheklab, uning o‘rnini sifatli uglevodlar iste’mol qilish orqali to‘ldirish mumkin. Inson organizmi uchun zarur uglevodlarni, birinchi navbatda, meva-sabzavot, don va dukkakli mahsulotlardan olishi salomatlik uchun koni foydadir. Buning uchun kattalar kuniga kamida 400 gramm meva-sabzavot tanovul qilishi tavsiya etiladi. 

    Mualliflarning ta’kidlashicha, oziqlanish barcha tirik mavjudotlarga tegishli bo‘lgan murakkab hodisadir. Shu bois u ko‘plab mutaxassislar tomonidan o‘rganiladi. Bu borada chop etilgan aksariyat kitoblar ilmiy adabiyotlar tasnifiga kirganligi tufayli tor doiradagi mutaxassislar e’tiborini jalb qila olgan, xolos. 

    - Ana shu jihatlarni inobatga olgan holda, biz masalaga boshqacha yondashdik, - deydi biologiya fanlari doktori, Samarqand davlat universiteti professori, akademik B. Zaripov. — Oziqlanishning inson fiziologiyasidagi ahamiyati o‘rganilib, to‘g‘ri ovqatlanish va uning sog‘liqni saqlashdagi rolini ochib berishga harakat qildik. Ilmiy xulosalarga tayangan holda, foydali tavsiyalar berildi. Zotan, to‘g‘ri ovqatlanilsa, har qanday taom inson uchun shifodir. Buning aksi esa, taom qanchalik tansiq bo‘lmasin, organizm uchun ziyondir. Biz “Integral ovqatlanish bo‘yicha qo‘llanma” yoki “Oziqlanish haqidagi g‘oyalar ensiklopediyasi” kitobimiz bilan sog‘lom ovqatlanish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga harakat qilmoqdamiz. 

    Shu jihatdan olib qaraganda, ushbu kitob O‘zbekistonda aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida hayotga tatbiq qilinayotgan “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakati xalqaro darajada qanot yozishiga katta turtki bo‘ladi, desak, mubolag‘a emas. Sababi, undagi tavsiyalar umummilliy harakat tartib-taomillariga hamohang bo‘lib, aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va keksalar orasida sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik targ‘ib qilingan. Buning hisobiga yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish mumkinligi, o‘z navbatida, zararli odatlar va nosog‘lom turmush tarzining zararli oqibatlari keng tushuntirilgan. 

    E’tiborlisi, kitob mualliflarining tavsiyalari sog‘lom bo‘lish uchun qattiq parhez qilish kerak, degan an’anaviy qarashlardan ancha uzoq bo‘lib, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga odatlanishga chaqiriladi. Buning salomatlik uchun foydali xususiyatlarini ilmiy jihatdan ochib beriladi. Xususan, yoshga qarab ovqatlanish, tashqi muhitning ovqatlanishga ta’siri, gormonlar orqali ovqat hazmining boshqarilishi, mikrobioma, kosmonavtlar va astronavtlarda individual ovqatlanish, muvofiqlashtirilgan parhez mavzulari qamrab olingan. Bundan tashqari, etnik ovqatlar va uning fiziologik kelib chiqish sabablari, pazandalik, oziq-ovqat tarkibi va ishtaha masalalari ilmiy tadqiq qilinib, bu borada o‘ta foydali tavsiya va ko‘rsatmalar berilgan.

    Shu ma’noda, O‘zbekiston va AQSH fiziolog olimlari hamkorligida yaratilgan “Integral ovqatlanish bo‘yicha qo‘llanma” kitobi keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmaganlar uchun eng muhim qo‘llanmaga aylanadi, degan umiddamiz.