Prezident tashrifidan so‘ng...

    Shifti va devorlari naqshinkor, serdarcha katta xona. Uning qo‘sh tavaqali eshigi qiya ochiq. Ichkarida buyuk olim Muhammad Xavofiy Klavdiy Ptolemey nazariyasi bo‘yicha ilmiy ma’ruza o‘qimoqda.

    Darsxona shunchalar ham g‘ala-g‘ovursiz bo‘ladimi!? Olimning qarshisida yuzdan ortiq ilmtalab o‘tirganiga ishonging kelmaydi. Ana, ma’ruza yakunlandi. Savol-javob, bahs-munozara boshlandi. Beixtiyor ichkariga ko‘z tashlaging, 603 yil oldingi saboqlarga guvoh bo‘lging keladi.

    Gap 1420 yilning 21 sentyabridagi voqealar – Mirzo Ulug‘bek madrasasi tashkil etilgan kun, u yerda al-jabr, handasa, fiqh kabi fundamental fanlardan berilgan saboqlar haqida bormoqda.

    Xayolda tarixning bu sahifalarini nega gavdalantirdik?!

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 avgust kuni Samarqand davlat universiteti qoshida tashkil etilgan Biokimyo instituti faoliyati bilan tanishdi.

    Tashrifdan so‘ng muassasa professor-o‘qituvchilari bilan suhbatlashar ekanmiz universitetning kecha va buguni ko‘z o‘ngimizda jonlanganday bo‘ldi. Muassasaning tarixiy ildizlari o‘sha mashhur Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyatiga tutashishini so‘zlashganda qalb g‘ururga to‘ldi.

    Samarqand davlat universitetida bugungi kunda jami 25 ming 150 nafardan ortiq talaba ta’lim oladi. Muassasada 12 ta ilmiy va 67 ta o‘quv laboratoriya faoliyat olib bormoqda.

    Ushbu ta’lim dargohida to‘rtta – Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti, Muhandislik fizikasi instituti, Turkologiya ilmiy-tadqiqotlar instituti hamda Biokimyo instituti tashkil etilgan.

    Biokimyo instituti joriy yil Samarqand davlat universitetining biologiya va kimyo fakultetlari negizida tashkil etildi. Buning uchun fakultetlar joylashgan hudud va inshootlarda keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bu haqida birozdan so‘ng...

    Universitetning bugungi manzarasi

    Universitetda bugungi kunda talabalarga 840 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi saboq beradi. Muassasada 31 ta ixtisoslik bo‘yicha 10 ta ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Ilmiy kengashlarda har yili yuzdan ortiq dissertatsiya himoyasi o‘tkaziladi.

– Bu dargohni nafaqat yurtimiz, balki jahondagi mashhur qadimiy oliy ta’lim muassasalaridan biri deyish mumkin, – deydi Samarqand davlat universiteti professori Xudoyor Keldiyorov. – Universitetimizning rasman tashkil topishi 1927 yil bilan belgilansada, uning shakllanishi uzoq tarixga borib taqaladi. Ilm-fan, san’at-madaniyat durdonalari, arxitektura-qurilish inshootlari Temuriylar davri bilan uzviy bog‘liq. Buyuk bobokalonlarimiz Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, G‘iyosiddin Koshiy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiylarni jahon ilm ahli yaxshi biladi. Mehnat faoliyatimning oltmish yili shu dargoh bilan bog‘liq. Men bu bilan hamisha faxrlanaman. Universitetimizda keyingi yillarda olib borilgan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari ko‘lami juda katta. Ortga nazar tashlasam bunday islohotlarga oldin guvoh bo‘lmaganmiz.

    Bugun universitetda 12 ta ilmiy va 67 ta o‘quv laboratoriya faoliyat olib bormoqda. Laboratoriyalar 35 milliard so‘mlik ilmiy hamda 6 milliard so‘mlik o‘quv laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan.

    Yana bir muhim jihati universitet o‘ttizdan ortiq davlatning ikki yuzga yaqin yetakchi oliy ta’lim muassasasi, tadqiqot markazlari va tashkilotlari bilan samarali hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

    Harakat besamar ketmaydi. Natija sekin asta bo‘y ko‘rsataveradi. Buni turli reytinglardagi yaxshilanib borayotgan o‘rinlarda ham ko‘rish mumkin.

    Xususan, universitetning mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari milliy reytingida kuchli beshtalik ro‘yxatida ekanini qayd etish lozim.

    O‘tgan yilda QS reyting agentligi tomonidan O‘zbekistonning 8 ta oliygohi, jumladan, Samarqand davlat universiteti ham yuqori 1000 talikdagi Osiyoning eng kuchli universitetlari ro‘yxatiga kiritildi.

    Universitet “Times Higher Education Impact Rankings 2023” xalqaro reytingida barqaror rivojlanish maqsadli ko‘rsatkichlarining 14 ta yo‘nalishida ishtirok etib, shulardan 11 tasida yuqori 1000 talik ro‘yxatiga kirdi.

    Ilmiy salohiyatning oshib borishi natijasida universitetda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu muassasaning imkoniyatlarini har jihatdan oshirish zarurligini anglatadi.

    Keyingi uch yilda universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan o‘ndan ortiq ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, bir qator o‘quv va laboratoriya binolarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi.

    Ikki fakultet o‘rnida bir institut 

    So‘zimiz boshida biologiya va kimyo fakultetlari negizi Biokimyo instituti tashkil etilgani haqida ta’kidlagan edik. Yangi institut ish boshlashidan oldin har jihatdan katta hozirlik ko‘rildi.

    Umumiy qiymati 57,6 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirildi. Unga Samarqand davlat universitetining byudjetdan tashqari mablag‘lari yo‘naltirildi.

    Xususan, hududda yettita yangi ob’ekt qurildi. Jumladan, umumiy sig‘imi mingdan ortiq o‘ringa ega 2 ta o‘quv binosi, oranjereya-issiqxona kompleksi, majlislar zali, vivariy-biologik ilmiy tadqiqotlar laboratoriya binosi, botanik tadqiqotlar va gerbariy ilmiy laboratoriya binosi hamda talabalar oshxonasi barpo etildi.

    Bir so‘z bilan aytganda bugun bu yerda Biokimyo institutining yangi kampusi vujudga keldi.

– Ushbu institutning tashkil etilishi biologiya va kimyo yo‘nalishidagi fanlar integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqadi, – deydi Samarqand davlat universiteti professori Xurshid Bozorov. – Endi ikki yo‘nalish mutaxassislariga bir maydonda katta ilmiy izlanishlar olib borish imkoni yaratildi. O‘zim to‘qqiz yil davomida Xitoydagi turli ilmiy-tekshirish institutlarida faoliyat olib borganman. Tajribamdan kelib chiqib aytaman, bu yerda yaratilgan sharoitlar, olib kelingan jihozlar barcha talablarga javob beradi. Institutda katta yangiliklar qilish, izlanishlar olib borish uchun barcha sharoit yaratildi.

    Institutdagi eng zamonaviy tadqiqotlar ilmiy laboratoriyalari, oranjeriya, zoologiya muzeyi hamda o‘quv auditoriyalari bilan tanishar ekansiz, buning natijasi uzoq kuttirmagan ilmiy natijalarda ko‘rinishiga shubha qilmaysiz.

    Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, institutda bugungi kunda 8 ta ta’lim yo‘nalishida 2 ming 800 nafardan ortiq talaba ta’lim olmoqda. Ularga 126 nafar professor-o‘qituvchi saboq beradi.

    Institutda istiqbolda onkologik dori vositalarining kimyoviy transformatsiyasi asosida kimyoterapiyada xavfli o‘smalarga qarshi tanlab ta’sir etadigan yangi dori vositalarini sintezi ilmiy laboratoriyasini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

    O‘zA