18-oktyabr - Samarqand shahri kuni.   Sana munosabati bilan erta tongdan viloyat va shahar hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida Amir Temur maqbarasi ziyorat qilindi. Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi.

    Samarqand shahri kuni bayrami Universitet xiyobonida Samarqand davlat universiteti talabalari tomonidan ham keng nishonlandi. Har bir fakultet o‘zining sahna ko‘rinishlari, badiiy chiqishlari, ko‘rgazmalari, kuy-qo‘shiqlari bilan bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

    - Yer yuzining sayqali bo‘lmish Samarqandda bayram ko‘tarinki kayfiyatda o‘tmoqda, - deydi Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti talabasi Og’abek Xoliqulov . – SamDU talabalari Universitet xiyobonida birinchilardan bo‘lib bayram tadbirlarini boshlab berishdi. Samarqand kuni quvnoq va qiziqarli tarzda o‘tayotganligini talabalarning kayfiyatidan ham sezish mumkin. Har bir fakultet ushbu kunga alohida tayyorgarlik ko‘rgan. Barchaga bayram muborak bo‘lsin!

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati,

    Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.