Rasmiyatchilikdan holi va qizg’in ruhda o’tkazilgan muloqotda ta’lim tizimidagi o’zgarishlar, magistraturaga kirish talablari, chet tili o’rganishning ahamiyati borasida fikr yuritildi.

    - Hayot kurashdan iborat. Bu kurashda faqat kuchli bilim va salohiyatga ega bo‘lganlargina g‘olib bo‘ladi, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov. - Sizlar universitetni bitirish arafasida turibsiz. Bakalavr bu mutaxassislikka kirishdir. Jahon tajribasida oliy ma’lumotli bo’lish magistr darajasi bilan baholanadi. Magistraturaga kirishda chet tilini bilish talab etiladi. Chet tilini o’rganish siz uchun zaruriyatga aylanishi lozim. Til sizga doim yordamchi bo’ladi. Biz sizning chet tilini bilishigiz va ilm olishingizga xayrixohmiz va bu borada sizni qo’llab quvvatlaymiz…

    Rustam Xolmurodov uchrashuv davomida SamDU institut va fakultetlari rahbariyati tomonidan tavsiya etilgan talabalar uchun haftasiga uch kunlik ingliz tili kurslari tashkil etilganini e’lon qildi. Mazkur kurslar uchun malakali o’qituvchilar jalb etilishi va darslar bepul amalga oshirilishini alohida ta’kidladi.

    - Universitetda bepul ingliz tili kurslarining tashkil etilishi yuzlab talabalar uchun yengillik bo’ldi, - deydi SamDU ingliz tili kafedrasi o’qituvchisi Feruza Qodirova. – Yigit-qizlar endilikda til bilish darajasini boshqa joyda emas, o’zlarning fakultetida oshirishi mumkin.  Qolaversa, biz o’qituvchilardan ham ulkan mas’uliyat talab etiladi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.