Bugun Samarqand davlat universiteti talabalari orasida Davlat mukofotlari laureatlari, Olimpiada va Jahon, Osiyo va mamlakat chempionlari, Xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlar g‘oliblari, Prezident va davlat stipendiyalari sohiblari, ilmiy maqolalari, badiiy asarlari nashr etilgan yuzlab iste’dodli yoshlar bor...

    Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov yil davomida yoshlar bilan muntazam muloqotlar tashkil etib kelmoqda.

    Iste’dodli yoshlar mamlakat umidi, millat tayanchi. SamDU da ularni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish o‘z samarasini bermoqda. Buning natijasida iqtidorlilar safi yildan-yilga kengaymoqda.

    2023 yil  21 dekabr kuni an’anaviy “Rektor va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda 2023 yilda xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan universitet iqtidorli va ijodkor talabalari pul mukofotlari va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

    Matematika fani bo‘yicha II-Xalqaro olimpiadada umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan universitet jamoasi a’zolari  diplom va noutbuk bilan taqdirlandi.

    2023-2024-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi hamda Navoiy, Ulug‘bek, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalari sovrindorlari  faxriy yorliq va termopot bilan hamda “Mening Start-UP loyiham” tanlovi g‘oliblari  faxriy yorliq, pul mukofoti va termopot bilan taqdirlandi.

    Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Yil talabasi” tanlovi universitet bosqichida nominatsiyalar bo‘yicha sovrinli o‘rinlarni egallagan talabalarga pul mukofotlari sertifikatlari  topshirildi.

    “Talabalar ligasi”  sport musobaqalarining futbol, voleybol, stol tennis va shaxmat sport turlari bo‘yicha universitet bosqichi g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

    Uchrashuv  Rustam Xolmurodovning: "Yoshlar bilan uchrashuvlar bosh maqsadimiz, asosiy vazifamizdir...", degan so‘zlari bilan nihoyasiga yetdi.