OTA O‘GITI

Har bitta so‘z — suvdek aziz,

Har bitta so‘z — nondek uvol.

Til boyligin bog‘ deb bilsak,

Har bitta so‘z — bitta nihol.

 

Biron so‘zni isrof qilmoq

Bir ko‘chatni yulmoqlikdir.

Bora-bora, otameros –

Bog‘ni xarob qilmoklikdir.

 

E bolam, yot yurtga borsang,

Ne atalur eling, derlar.

Qay millatning vakilisan,

Bormi ona tiling, derlar.

 

Shunda, mening qutlug‘ tilim –

Navoiyning sheʼri, degil.

Yurtim — Ulug‘begu Bobur,

Amir Temur yeri, degil.

 

Ayt g‘urur-la Beruniylar,

Farg‘oniylar ajdodim, deb.

Koshg‘ariylar darsin tinglab,

O‘tkirlangan savodim, deb.

 

Maqtanma hech qimmat kiyim,

Oltinlaru qasring bilan.

Faxr et doim qudratli yurt,

Boy til, nasab-nasling bilan.

 

Obro‘yingni baland tutmoq,

E bolam, o‘z qo‘lingdadir.

Sening olamdagi narxing

Vatan, millat, tilingdadir.

 Anvar Obidjon