Si'an Jiatong universiteti taklifiga binoan Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Hakim Xushvaqtov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyda bo’lib turibdi.

    Hakim Xushvaqtovga Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo’lat Rajabov hamda Inson resurslari vа mаhаllа taraqqiyotini boshqarish instituti direktori Shohrux Jo’raqulovlarlar hamrohlik qilmoqda.

    Tashrifning ilk kunida SamDU delegatsiyasini Si'an Jiatong universiteti prorektori Xi Guang kutib oldi. Muloqotda Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan Xitoy markazi faoliyati, uning maqsad hamda vazifalari haqida fikr yuritildi.

    Tashrifning ikkinchi kunida Si'an Jiatong universitetining Osiyo-Yevropa tadqiqotlari markazida taqdimot o’tkazildi. Bunda Samarqand davlat universiteti tuzilmasi va olib borilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik, ilmiy ishlar, universitet reytingi haqida batafsil ma’lumot berildi. Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi hamda Inson resurslari vа mаhаllа taraqqiyotini boshqarish instituti bo’yicha alohida ma’ruza qilindi.

    Tashrifning uchinchi kunida Si'an Jiatong universitetining Jamiyat islohoti va boshqaruv instituti faoliyati o’rganildi. O’zbekistonda kambag’alchilikni qisqartirish bo’yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur institutda Samarqand davlat universitetining tadqiqotchilari magistratura va doktoranturada tahsil olishiga kelishildi.

    Bundan tashqari universitet vakillari Si'an Jiatong universitetida qishloq xo’jaligida suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish, suvni tejashda samara beradigan uskuna yaratishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Fizika sohasida erishilayotgan yutuqlar qishloq xo’jaligida samara berayotganiga, ya’ni tomchilab sug’orishda yangi texnologiyalardan foydalanilayotganiga guvoh bo’lishdi. Mazkur yo’nalish bo’yicha Xitoy tajribasini o’rganish maqsadida SamDU olimlari Si'an Jiatong universitetiga tadiqoqot olib borishiga kelishildi. Shuningdek, sun’iy intellektning qishloq xo’jaligida ahamiyati, suvdan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarning dolzarbligi bo’yicha fikrlar jamlandi. Bu borada istiqbolli rejalar ishlab chiqiladigan bo’ldi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.