Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Hakim Xushvaqtov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Janubi-G’arbiy qishloq xo’jaligi va o’rmonchilik universitetida bo’ldi.

    Uchrashuvda universitet prorektori, professor Luo Jun va mutassadilar bilan tomonlar o’rtasida qishloq xo’jaligining zamonaviy sohalarida hamkorlik o’rnatish bo’yicha muzokaralar olib borildi. Ayniqsa, mazkur universitetning eng kuchli yo’nalishlari hisoblangan qishloq xo’jaligi ekinlari va seleksiyasi, tuproq eroziyasini boshqarish texnologiyalari, tabiiy ekotizimlarni qayta tiklashning barqaror usullari bo’yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, universitet tarkibidagi Tuproq va suvni muhofaza qilish instituti olimlari bilan qishloq xo’jaligida suvdan foydalanishning resurs tejamkor usullari, tuproq eroziyasi va chang-to’zonlarning oldini olish, qurg’oqchil mintaqalarda dehqonchilik, inqirozga uchragan ekotizimlarni qayta tiklash yo’nalishlarida kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqotlar olib borishga kelishildi. 

    Shuningdek, universitetning Agrar ta’lim va ilm-fan innovatsiyalari alliansiga Samarqand davlat universitetining a’zo bo’lishiga rozilik olindi. Ushbu alliansda dunyoning 90 davlatidan 100 dan ortiq agrar oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari a’zo hisoblanadi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.