Haqiqatdan yolg‘on ko‘p bo‘lgan, hatto qarindoshlik aloqalari manfaat ustida quriladigan dunyoda rostgo‘ylik va samimiylik noyob xarakterga aylanadi. Mana nima uchun rostgo‘y va samimiy insonlarni ko‘proq qadrlashimiz kerak.

    Halol insonlar bilan aloqa mustahkam ko‘priklar quradi. Ular bizni shaxs sifatida yuksaltirishadi. Yolg’onchi insonlar sizni qanchalik baxtsiz qilishsa, rostgo‘y va samimiylar oldida inson o‘zini shunchalik baxtli his qiladi, chin ko‘ngildan ochiladi, ishonadi, o‘zi bo‘lib biladi.

    Vaqt o‘tgan sari bunaqa insonlar biz uchun hayot kompasiga aylanishlari mumkin. Ular bizga ishonchli maslahatchi, do‘st, ko‘makchi bo‘lishi mumkin. Ular bizga aldamasdan to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishlari uchun ham ularni qadrlaymiz.

    Ular o‘zlarining rostgo‘yligi bilan bizni ham yaxshilikka, insoniylikka undashadi. Biz ular taʼsirida o‘z qadriyatlarimizni o‘zgartiramiz.

    Atrofingizda samimiy va rostgo‘y insonlar bo‘lsa, ularni qadrlang. Bu xususiyatlar kuchsizlik deb qaraladigan zamonda yashamoqdamiz. Yolg‘on uddaburonlik, manfaat ishbilarmonlik deb ko‘riladigan jamiyatda samimiy insonlarni qadrlamaslik gunoh bo‘lsa kerak.

 

Asaxiy Books kompaniyasi asoschisi

Feruz ALLAYEV facebook sahifasidan olindi.