Dehqonlar javdarni “qashshoqlik donasi” deb ham atashadi. Buning sababi javdar juda unumsiz, ishlov berilmagan dalalarda ham bemalol o‘sish qobiliyatiga ega. Javdar yuqori antioksidant faollikka ega bo‘lgan arabinoksilan tolalariga ega. Shu sababli uning tarkibida fenologik kislotalar lignanlar, alkilresorsinlar murrakab birikmalar hosil qiladi. Bug‘doy uchun mos bo‘lmagan sharoitlarda gullab-yashnashining agrotexnik afzalliklariga qaramay, javdarning non tayyorlash samaradorligi nisbatan ancha past. Biroq javdar odatda bug‘doyga qaraganda kamroq kraxmal va xom proteinni o‘z ichiga oladi. Non ishlab chiqarishda javdar doni bug‘doydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

    Bu o‘simlik o‘zining bir qancha foydali xususiyatlari bilan boshqa don ekinlaridan ajralib turadi. U boshqa don ekinlariga nisbatan qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardandir. Javdarning ildiz tizimi suvni juda samarali  qabul qilishi aniqlangan. Uning ildizi quruq vazni bug‘doy va tritikalenikidan anchagina baland. Bundan tashqari javdar bug‘doyga qaraganda quruq modda birligiga 20-30% kamroq suv sarflaydi. Javdarning qurg‘oqchil sharoitda ham fiziologik xususiyatlari bug‘doyga qaraganda  sezilarli darajada o‘zgarmaganligi tadqiqotlarda aniqlangan.

    Javdarning doni tarkibida juda ko‘plab vitaminlar, fermentlar, inson organizmi uchun zarur bo‘lgan aminokislotalar, mikro va makroelementlarning borligi uning eng muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Donning tarkibidagi lizin, treonin aminokislotalari organizmdagi to‘qimalarning o‘sishi va qayta tiklanishi uchun xizmat qiladi. Tibbiyot uchun ham javdar donining ahamiyati juda ham kattadir. Chunki javdar donidan tayyorlanayotgan preparatlar ko‘plab onkologik kasalliklarni davolash uchun ishlatilmoqda. Bundan tashqari javdar uni yurak xastaliklarini kamaytiruvchi xususiyat mavjuddir. Bir qancha tadqiqotlarga qaraganda, 28 gramm to‘liq donli porsiya yurak xastaligi xavfini 22 % ga kamaytirishi mumkin. Buning sababi shundaki, ular xolesterolni kamaytirishga va qon bosimini saqlashga yordam beradi. Javdar unidan tayyorlangan qora non tabiiy laksatif sifatida harakat qilib, ichak harakatiga yordam beradi, ichak orqali moddalar oqimini tezlashtiradi. Qora nonda mavjud bo‘lgan to‘liq donalar insult xavfini kamaytirishi mumkin. Chunki ular tarkibida antioksidantlar, K vitamini aminokislotalar mavjuddir. Javdar nonini ko‘p iste’mol qiladigan odamlarda insult xavfi eng kam iste’mol qiladigan odamlarga qaraganda 14 % ga kam bo‘lgan. 1-2 bo‘lak qora nonni iste’mol qilish stressdan xalos bo‘lishga yordam beradi. Chunki butun donli ozuqa mahsulotlari serotonin gormonini ishlab chiqaradi. Bundan tashqari javdar noni qandli diabet kasalliginining oldini oladi. Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar javdardan tayyorlangan nonni iste’mol qilganda kasallik xavfi ancha kamayganligi aniqlangan.

 

Marxabo Maxramova

Samarqand davlat universiteti

o’simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi doktoranti.