Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi va ijodi bugungi kunda ham butun dunyoda qiziqib o’rganiladi. Buning asasiy sabablaridan biri Boburning ko'p qirrali faoliyati va bu haqda «Boburnoma» da sodda va haqqoniy ifoda etilishidir.
    Darhaqiqat, «Boburnoma» da yigirmadan ortiq soha qamrab olingan bo'lib, asarning katta qismini jang tasvirlari, Boburning jangovar faoliyati tasvirlari tashkil etadi. Bu tasvirlar orqali Boburni nafaqat shoh va shoir sifatida, balki adolatli hukmdor va salohiyatli sarkarda sifatida yaqindan taniymiz. 
Bobur insonlar, ayniqsa hukmdorlardagi shijoatlilik va mardonalik sifatlarini hurmat qiladi. Bu boradagi fikrlari asarning boshlang'ich qismlaridanoq otasi Umarshayx haqidagi ta’riflaridan boshlanadi: «Umarshayx mirzo… Bisyor saxovati bor erdi. Xulqi dag’i saxovaticha bor edi… shujo' va mardona kishi edi… uch masof urush qilib edi…». 
    Bobur Xoja Mavlono Qoziga bo'lgan e'tiqodi haqida gapirar ekan, undagi dovyuraklik sifatiga alohida to'xtalib o'tadi: “Xoja Qozi ajab kishi edi. Qo'rqmoq anda aslo yo'q edi. Oncha daler kishi ko'rulgan emas. Bu sifat ham valoyat dalilidur. Soyir el har qancha bahodur bo'lsa, andak dag'dag'asi va tavahhumi bo'lur. Xojada aslo dag'dag'a va tavahhum yo’q edi». 
    Sulton Ahmad mirzoning fe'l-atvori, siyosatini yoqlamasa-da, undagi jasurlik, shijoatlilik sifatlarini e'tirof etadi: «…Shijoati bor edi. Agarchi, hech andoq bo'lmadikim, o'zining iligi ishga yetmish bo'lg'ay, vale derlarkim, ba'zi ma'rakalarda andin asari shijoat zohir bo'lur ekandur. O'qni bisyor yaxshi otar erdi…» Sulton Ahmad mirzo haqidagi fikrlarini davom ettirar ekan, Bobur uning siyosati haqida ochiq-oydin: «ixtiyori beklari ilgida edi» deb yozadi. 
Asarda nafaqat hukmdorlar, balki Xudoyberdi Temurtosh, Hofiz Muhammadbek- do'ldoy, Qosimbek. Boboquli Bobo Alibek, Xoja Husaynbek, Shayx Mazidbek, Ali Mazidbek, Hasan Ya'qubbek, Ali Darvesh, Qambar Ali, Hasan Ali jaloyir, Badriddinbek, Mir Alimiroxo'r, Sayyid Hasan o'g'loqchi kabi ko'plab amir-umarolar ham ta’riflanadi, ulardan ayrimlarining mardonalik sifatlarini alohida ta'kidlanadi: «Yana biri Hasan Ya'qubbek edi. Kichik ko'ngullik, yaxshi ta'bliq, chust va chaspon kishi edi. Mardona kishi edi. O'qni yaxshi otar edi…». 
    Bobur uchun mardonalik sifati insonlarga xos asosiy fazilatlardan sanalsa, bunga qarama-qarshi ravishda u qo’rqoqlik va shijoatsizlikdan hazar qiladi. Xisravshohning adolatsiz siyosatini, fe'l-atvorini, taxt orzusida qilgan qabih ishlarini qoralar ekan, uning mardonalik, jasurlik sifatlaridan butunlay yiroq ekanligini shunday yozadi: «Xisravshoh… Sulton Mahmud irzodin so'ng o'g'lonlarining zamonida xud asru ko'p ulg'oyib edi. Navkari yigirma mingga yovushib edi… Mundoq bisyor ma'mnur viloyat va muncha qalin yaroqliq navkar bila bir mokiyon bila ham tutushmadi…» 
    Sulton Mahmud Mirzoning navkar saqlashi, lashkarga saxovat haqida xolis yondashib yaxshi fikr bildirsa-da, uning qo'rqoqligini yoqlamaydi: «…navkarining ulufasi aslo munkasir bo'lmas edi. Majlis va baxshish va shilon va devoni bisyor yaxshi edi. Barchasi qoida va tuzuki bila edi… Yuraksiz kishi edi.» ”
Bobur Amir Temurdan meros Samarqand taxtini qo'lga kiritishni orzu qiladi va bunga muvaffaq bo'ladi. Shayboniyxondek tajribali dushman qo'lidan Samarqandni tortib olishi va jang tafsilotlari, tahlillarini batafsil bayon etadi. 
    Samarqandni egallagan Bobur bu jangni Husayn Boyqaroning Hirotni egallsh uchun olib borgan kurashi bilan qiyoslaydi. Husayn Boyqaro tajribali, yoshi ulug' podshoh bo'lib, dushmani Nosir Mirzo o'n yeti - o'n sakkiz yoshdagi betajriba yigit ekanligi, g'anim ichidagi kayfiyatni bilib ularning g'ofilligida hujum qilinishi, g'animing qo'rg'onda emasligi, Yodgor Muhammad Mirzo va odamlari Bog'i Zog'onda mast holatda bo'lganlari va Husayn Boyqaro ularning g'ofilligidan foydalanib yengishi aytiladi va Bobur o'n to'qqiz yoshlik tajribasiz va g'animi Shayboniyxon ko'p yurishlarni ko'rgan tajribali ekanligi, Samarqand xalqi Boburni yoqlasa-da, Shayboniyxon zulmidan qo'rqib yordamga kelmasligi, g'anim qo'rg'on ichida ekanligi, ham qo'rg'onni olib ham g'anim bartaraf etilgani kabi farqlar sanab o’tiladi. «…ikkinchi martaba kelganda Tengri rost kelturdi, Samarqand fath bo'ldi…» 
    Bobur barcha temuriy hukmdorlardan Amir Temurga xos bo'lgan mardonalik, jasurlik, qat'iylik sifatlarini kutadi. Husayn Boyqarodek taxt egasidan Shayboniyxonga qarshi hujumni kutadi, birgalikda Shayboniyni yengishga da’vat qiladi. Lekin Boyqaro va o'g'illaridan bunday javob qaytmaydi.
Shayboniyxon Balxni egallab, Samarqandga yuzlanadi. Bundan tashvishga tushgan Bobur temuriy hukmdorlar birlashib g'animni bartaraf qilish taklifini beradi. Ayniqsa, Husayn Boyqaro va uning o'g'illaridan munosib javob kutadi. Lekin mirzolar Shayboniyxondek dahshatli dushmanni yengish o’rniga, bir-birlari bilan arzimas bahonalar ustida kelishmovchilikka boradilar. Shunday xavfli dushmanga qarshi hujum qilishni asossiz kechiktiradilar, qishni o'tkazib bahorda hujum qilishni rejalashtiradilar, Boburga ham ruxsat bermaydilar. Bobur Husayn Boyqaro o'g'illarining bunday xatti-harakatlarini qattiq qoralaydi: «…Bu mirzolar agarchi suhbat va suhbatoroyliqda va ixtilof va omizishga tavre edilar, vale sipohiylik rev va rangidin yiroq va mardonaliq va jangu jadaldin qiroq edilar…» 
Bobur toj-taxtni boshqarishda, saltanat tutishda, siyosatda o'zining mustahkam qarashlariga ega, hukmdor sifatida o’zining va saltanatining obro'-e'tiborini saqlashni biladi. U Badiuzzamon huzuriga borganda bir-birlariga tomon yura boshlaydilar. Badiuzzamon sekinroq, Bobur ildamroq qadam tashlaydilar. Qosimbek Boburning belbog'idan tortadi, Bobur ogoh bo'lib sekinroq yurib boradi, Badiuzzamon bilan ko'rishadilar. «Ikkinchi navbat kelganda Badi'uzzamon Mirzo burungidek ta'zim qilmadi, Muhammad Burunduqbekka va Zunnunbekka aytturdimkim, agarchi yoshim kichiktur, vale to'rum ulug'dur, ota taxtidakim, Samarqand bo'lg'ay, ikki navbat zarbi rost olib o'lturubdurmen, bu xonavoda uchun yot-yog'i bilakim muncha jang va jadal qilibturmen, mening ta'zimimda ta'rix bevajhdur, bu so'z mazkur bo'lg'och, chun ma'qul edi, mu'tarif bo'lub, ta'zimni xotirxoh qildilar» 
    U Badiuzzamon va Muzaffar mirzoning mamlakatni birgalikda idora qilishlarini ham haqli ravishda yoqlamaydi: «Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Mirzokim, shariklik podshoh bo’ldilar… Bu g'arib amre edi, hargiz podsholiqta shirkat eshitilgan emas. Shayx Sa'dir so'zining mazmunining xilofi voqi' bo'ldi: Nechukkim «Guliston»da kelturubdur: «Dah darvesh dar yak gilame bixusband va du podshoh dar iqlime nagunjand». Ya'ni o'nta darvesh bir gilamda yotadilar va lekin ikki podshoh bir iqlimga sig'maydi.
    Boburning sarkardalik salohiyati uning insoniyligi bilan yuksalganini Kobulga tog' yo'lidan o'tish tasvirlarida ko’ramiz. Qalin qor yog'gan, otning uzangisidan yuqoriroq bo’lgan vaziyatda buyruq berib bo'lmasligi, Boburning o'zi ham lashkar oldiga tushib qor tepishi, ko'pchilik bilan sovuqda qolishi tasvirlangan. «Men havolning og'zida kurak olib, qor kurab, o'zumg'a bir takiya miqdori yer yasadim, qorni ko'kusgacha qozdim, hanuz yerga yetmaydur edi. Biur nima yelga panoh bo'ldi, o'shanda-o'q o'lturdim. Har necha dedilarkim, havolga boring, bormadim. Ko'ngulga kechtikim, borcha el qorda va chopqunda, men issiq uyda va istirohat bila, munda borcha ulus tashvish bila mashaqqatta, men munda uyqu bila farog'atta. Muruvvattin yiroq va hamjihatlikdin qiroq ishdur…»
Boburning sarkardalik salohiyati nafaqat muzaffar g'alabalaridan, balki dushmanlarning jangda yo'l qo'ygan xatolaridan ham kerakli xulosalarni chiqarishida yaqqol bo'y ko'rsatadi. Muallif Panipatda Ibrohim Lodi qo'shini bilan bo'lgan jangda Amir Temur qo'llagan to'lg'ama usulidan foydalanganini, Ibrohim Lodining sarkardalik salohiyati yo'qligi, yuz ming kishilik katta qo'shin, jangovar ikki mingga yaqin fillari, otalaridan qolgan katta xazinasi bo'la turib, xazinadan sarflab yana qo'shin yig'magani kabi yo'l qo'ygan katta xatolarini aytadi: «…tabiatida imsok ko'p g'olib edi. O'zi yarmoq yig'ishturmoqqa behad tolib, betajriba yigit edi. Ne kelishi saranjomliq edi, ne turushi, ne yurushi ehtimomliq edi, ne urushi».
    Bobur kerakli paytlarda lashkarni ruhlantirishni biladi, o'z lashkarini qo'rqmaslikka, mardona bo'lishga va, albatta, g'alaba qozonishga da'vat etadi: «…elning mundoq bedilliqlarini so'rub va bu nav' sustluqlarini ko'rub bir tadbir xotirimg'a yetti. Jam'i beklarni va yigitlarni chorlab dedimkim: «Beklar va yigitlar! 
Harki omad ba jahon ahli fano xohad bud,
Onki poyandavu boqist, Xudo xohad bud. 
    Har kimki hayot majlisig'a kiribtur, oqibat ajal paymonasidin ichgusidur va har kishikim, tiriklik manzilig'a kelibtur, oxir dunyo g'amxonasidin kechgusidur. Yomon ot bila tirilgandin, yaxshi ot bila o'lgan yaxshiroq… O'lgan shahid, o'lturgan g'ozi. Barcha Tengrining kalomi oti-la ont ichmak kerakkim, hech kim bu qitoldin yuz yondirur xayol qilmag'ay, to badandin joni ayrilmag'uncha, bu muhoraba va muqotaladin ayrilmag'ay».
    Bobur faoliyatini o'rganar ekanmiz, uning mardonalik, lashkarni boshqara olish sifatlari bilan tengsiz kurashlarda g’olib chiqishiga guvoh bo'lamiiz. Bobur bunday g'oliblikni faqat o'zining sarkardalik salohiyatidan emas, balki Ollohning inoyatidan deb bilishi ham uning naqadar odil va e'tiqodli hukmdor ekanligidan dalolat beradi. «Tavakkulimizga yarasha Tengri taolo ranj va mashaqqatimizni zoyi' qilmay, mundoq zo'r g'animni mag'lub qilib, Hindustondek keng mamlakatni maftuh ayladi. Bu davlatni o'zumizning sa'y va himmatidin bilmasbiz, balki tengrining ayni karam va inoyatidindur». 
    Bu misralar Bobur muvaffaqiyatlari, zafarli natijalarining qisqa va lo'nda ifodasi bo’lib, quyidagi jumlalar esa Hindistonda ulkan saltanat barpo etgan ajdodimiz erishgan jamiki ne'matlarning kalitidir: «Tangri ne'matlarining ketma-ket kelib turishi unga shukr va sano aytishning ko'payishiga boisdir». 


Dilafruz Sayipova 
Samarqand davlat universiteti 
Kattaqo'rg'on filiali o'qituvchisi.