Ushbu jonzotning go‘shti o‘zining kimyoviy, morfo-biokimyoviy va texnologik sifatlari, biologik qiymati bilan boshqa hayvonlar go‘shtidan ustunlik qiladi. Bugungi kunda uning 90 ga yaqin zotlari bo‘lib, ulardan go‘sht va mo‘yna yetishtirish maqsadida foydalaniladi

    Uning go‘shti isteʼmol qilinganida tarkibidagi oqsilning 90 foizi organizm tomonidan o‘zlashtirilsa, qoramol go‘shtida esa bu ko‘rsatkich 62 foizni tashkil qiladi. Biz sizga tasvirlayotgan, yaʼni quyon go‘shti parhez mahsuloti sifatida birinchi o‘rinda turadi. Chunki, uning tarkibida minimal darajadagi xolestirin mavjud.

    Uni muntazam isteʼmol qilish teri va shilliq qavatlarning holatiga ijobiy taʼsir etadi. Quyon go‘shti keksalar, bolalar hatto emizikli onalar isteʼmoli uchun ham tavsiya etiladi.

    Ushbu ozuqa tarkibida biologik to‘yimli va energetik moddalardan to‘laqonli yengil hazm bo‘luvchi oqsillar (19 xil almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar), yog‘lar (asosan to‘yinmagan yog‘ kislotalari), bir qator biologik faol moddalar, vitaminlar (B vitaminlari kompleksi), temir, fosfor, kobalt, marganes, ftor, kaliy hamda boshqa minerallarga boy bo‘lib, tarkibi jihatdan qolgan hayvonlar go‘shtiga nisbatan yuqori o‘rinlarda turadi. Shuningdek, quyon go‘shtida natriyli tuzlar kam miqdorda uchraydi.

    Go‘shtning tarkibidagi meniral moddalar organizmning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarurdir. Ular suyaklarni mustahkamlaydi va tananing tabiiy funksiyalarini boshqaradigan hujayralar ishini tartibga soladi.

    Organizmdagi temir tanqisligi, anemiya, surunkali charchoq va qizil qon tanachalarining yetarli darajada ishlab chiqarilmasligi kabi muammolarni oldini olish uchun quyon go‘shtini isteʼmol qilish tavsiya etiladi.

    Quyon go‘shti allergiya chaqirmaydi. U ko‘plab kasalliklar, jumladan diabet yoki oshqozon-ichak muammolari bor insonlar, bolalar va keksa yoshdagilar uchun eng kerakli mahsulot hisoblanadi.

 

Gulchehra Abdurazzoqova,

Samarqand davlat universiteti

Biokimyo instituti magistranti.

Davron Hayitov,

Vivariy ilmiy laboratoriyasi mudiri.