Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan viloyatimiz fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun  bahorgi dolzarb yumushlarga bag’ishlangan amaliy o‘quv seminari o‘tkazildi.

    Anjumanda viloyatdagi 200 nafarga yaqin ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mutaxassislari va tomorqa yer egalari ishtirok etishdi.

    Seminarda Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti professor-o’qituvchilari tomonidan qishloq xo‘jaligida bahor mavsumida o‘tkazilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar to‘g‘risida qator maʼruzalar qilindi. Xususan, erta bahorda yerni ekishga tayyorlash, ekish va ekinlarni dastlabki parvarishlash, sabzavotchilik va bog‘dorchilikdagi muhim tadbirlar, o‘simliklar kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar va amaliy tavsiyalar berildi.

    Seminarning amaliy ahamiyatini oshirish va fermerlarni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari bilan tanishtirish maqsadida mahalliy va xorijiy tashkilot hamda korxonalarning mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

    Bog‘bon in-vitro laboratoriyasi, "IFODA Agro Kimyo Himoya" va IPPO Irrigation masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, "SCHELKOVO AGROHIM-O‘ZBEKISTON" qo‘shma korxonasi, Fransiyaning UPL korxonasi ushbu ko‘rgazmada o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

    Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand tayanch punkti olim va mutaxassislari mevali daraxtlarning yangi navlarini ko‘rgazmada namoyish qildi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.