Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov boshchiligidagi professor-o’qituvchilar viloyat musiqali drama teatrida yozuvchi, dramaturg Farmon Toshevning “Yalangto’sh Bahodir” nomli sahna asarini tomosha qilishdi.

    Universitet jamoasiga manzur bo’lgan ushbu asarning namoyish etilishi 1-oktabr  – “O’qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami oldidan munosib sovg’a bo’ldi.

    Spektaklda  buyuk o‘zbek sarkardasi Bahodir Yalangto‘shning bunyodkorlik ishlari, yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lidagi xizmatlari o‘z aksini topgan.

    Asar voqealari asosan XVII asrni o‘z ichiga olib, unda Yalangto‘sh Bahodirni Tillakori va Sherdor madrasalarining bunyod bo‘lishiga sabab bo‘lgan ulkan mehnati va mashaqqatlari aks etgan.

    - Ilk bor teatrga kirib spektakl tomosha qildim. O'zimni  o'sha muhitga tushib qolgandek his qildim, - deydi SamDU filologiya fakulteti talabasi Mushtariybegim Ismoilova. - Aktyorlarning jonli ijrosidan bahramand bo'lish maroqli ekan. Bahodir Yalangto’sh haqida adabiyotlarda o’qiganman. Bugun yanada ko’proq ma’lumotga ega bo’ldim. Bahodir Yalangto‘shning jangovar qudratini ifodalovchi sahnalar, bunyodkorlik ishlari, adolatli rahbarligi, uddaburon davlat arbobi ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Hukmdorning o'g'lidan judo bo'lganini ko'rib ko'zimga yosh keldi. Sherdor va Tillakori madrasalarining qad ko'tarishida qizlarining ham beqiyos o'ringa egaligi tahsinga sazovor. Spektakl yakunida Mahmudxo’ja Behbudiyning "Teatr - bu ibratxona" degan fikrlari ko’nglimdan o’tdi…

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.