Ko’p mahsulot yetishtiruvchi, sifatli, tejamkor…

    Samarqand davlat universitetida “Issiqxonalar qurilishi va ekspluatatsiya qilishga bag‘ishlangan” xalqaro seminar o’tkazildi…

    Anjumanda SamDU professori Asqar Hasanov, Eronning “Saelan Sanat” kompaniyasi bosh direktori Mojtaba Abbosiy, tashkilot menejeri Ular Mahdiy, xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig’i Muxtor Nosirov, viloyat hokimligi mas’ullari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

    Seminarda ishlab chiqarish samaradorligi yuqori bo’lgan issiqxonalar qurish hamda ekspluatatsiya qilish, issiqxonalarni zamonaviy yopmalari, gidroponika usuli va uning texnik va texnologik asoslari haqida fikr yuritildi.  

    - Xalqaro seminarda issiqxonalarni eneregiya tejamkorligiga erishish va hosildorligini oshirish mavzularida fikr almashdik.  Qishloq xo’jaligi uchun sifatli mahsulotlarni yetishtirish muammolari muhokama qilindi, - deydi SamDU nazariy va amaliy mexanika kafedrasi professori Asqar Hasanov. – Issiqxonalardan unumli foydalanish ko‘p faktorlarga bog‘liq. Ulardan asosiylari bu ilm fanga asoslangan omillar… Issiqxonalarni alternativ energiya bilan ta’minlash katta ahamiyatga ega. Seminar doirasida Samarqand davlat universitetida maxsus innovatsion markaz tashkil etishga kelishildi. Markazning asosiy vazifasi sohaga oid muammolarni ilm-fanga asoslangan holda bartaraf etadi. Ya’ni, o’simliklarni kimyoviy himoya qilish, jahon standartiga mos issiqxonalar qurilishi va energiya tejamkorligini oshirishni nazorat qilishdan iborat bo’ladi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.