Samarqand davlat universitetining Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti talabalari Tottori universitetiga uyushtirilgan safar davomida ushbu hududdagi tabiiy ekotizimlar, u yerdagi o’simlik va hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishishdi.

    Avval talabalarga Tottori prefekturasidagi eng jiddiy tabiiy muammolardan biri sanalgan qum ko’chishi va uni bartaraf qilish usullari bo’yicha ma’lumotlar berildi. Shu maqsadda prefekturaning shimoliy qismida joylashgan qum barxanlariga safar uyushtirilib, u yerda qum ko’chkilarini to’xtatish bo’yicha olib borilgan chora-tadbirlar to’g’risida talabalarga ma’lumotlar berildi. Shuningdek, talabalar, qum barxanlari masalalariga bag’ishlangan ilmiy-amaliy markazga tashrif buyurib, markaz faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

    Qolaversa, talabalar Tottori prefekturasi florasi va faunasi bilan tanishish maqsadida tabiat muzeyiga tashrif buyurdi. Ushbu markazda talabalar prefekturada tarqalgan o’simliklarning gerbariy namunalari, hayvon turlari  va entomologik kollektsiyalarni ko’zdan kechirishdi. Shuningdek, ushbu hududning geomorfologik tuzilishi va tuproq hosil bo’lish xususiyatlari to’g’risida talabalarga batafsil ma’lumotlar berildi.