O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan "Birinchi kitobim" loyihasi doirasida chop etilgan 25 nafar yosh qalamkashning 25 nomdagi birinchi kitoblari taqdimoti o‘tkazildi. 

    E'tirof etish joizki, mazkur ijodkorlar orasida Samarqand davlat universiteti bitiruvchilari Shahrizod Shodiyev hamda Iroda Bekmurodovalar ham bor. Loyiha doirasida chop etilgan kitoblar qatoridan Shahrizod Shodiyevning "Salom" nomli she'riy to‘plami, Iroda Bekmurodovaning "Shu'la" nomli qissasi o‘rin olgan. 

    Tantanali o‘tkazilgan tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti     Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev so‘zga chiqib, mualliflarni ilk kitoblari bilan muborakbod etdi va ularga ijodiy parvozlar tiladi.
    Shuningdek, taqdimotda O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari Botir Ergashev hamda bir qator adabiyot vakillari ishtirok etdi. 

    – "Birinchi kitobim" loyihasi doirasida  “Salom” nomli she'riy to‘plamim nashr etildi, - deydi Shahrizod Shodiyev. – Unga 70 dan ortiq she’rlarim kiritilgan. Kitobimga shoira Zulfiya Mo‘minova so‘zboshi yozganlar. Taqdimot juda yuqori ruhda o‘tdi. Ustoz shoir va yozuvchilarning bizga bildirgan ishonchi va e'tirofidan olgan kuchimiz ijoddagi qadamimizni dadil qo‘yishda yordam beradi desam, yanglishmayman. Fursatdan foydalanib barcha ustozlarimga tashakkur bildirib qolaman.   

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati