U uzoq umr ko’rish garovi, qandli diabet dushmani

    Topinamburni xalqimiz “yernoki” deb ham ataydi. Topinambur – yer yuzida keng tarqalgan eng muhim oziq-ovqat, yem-xashak ekinlaridan biridir. Yernoki yoki topinamburning vatani Shimoliy Amerika. Amerikalik hindular uni uzoq umr koʻrish vositasi deyishadi. Chunki, uning tanani umumiy quvvatini oshiruvchi xususiyatlari bisyor.

    Mamlakatimiz hududida XX asrning o‘rtalarida topinambur yovvoyi hayvonlarni boqish uchun ov xo‘jaliklarida, shahar bog‘lari va dam olish joylarida esa manzarali o‘simlik sifatida ekila boshlangan. Yaqin vaqtgacha bu o‘simlik deyarli har bir uy tomorqasida ekilardi. Sovuqqa chidamli va parvarishlash oddiy bo‘lgan chiroyli sariq gullari bor. Lekin uning nafaqat mazali, balki foydali bo‘lgan tugunaklari qimmatbaho sanaladi.

    Yernokidan muntazam isteʼmol qilib turilsa, aʼzolarga tuz yigʻilishi, 2-tur qandli diabet, meʼda-ichak xastaliklari, kamqonlik, ateroskleroz, buyrak va siydik yoʻllarida tosh hosil boʻlishida, asab kasalliklarining oldini olishda juda qoʻl keladi.

    Bargidan salat tayyorlansa faqat qandli diabetnigina emas, balki gipertoniya, meʼda osti bezi xastaliklarini davolashda ham ahamiyati juda kattadir.

    Topinamburning yer osti tuganaklaridan tayyorlangan qaynatma qondagi qand miqdorini kamaytiribgina qolmay, balki qon bosimini ham tushiradi. Meʼda osti bezining ish faoliyatini yaxshilaydi, qondagi gemoglobin miqdorini oshiradi.

    O‘zbekiston bozorlarida o‘simlikning ildiz mevalari kuzda paydo bo‘ladi. Topinambur vitaminlar, kletchatka, inulin, pektin va fruktoza, shuningdek, temir, kalsiy, kaliy, magniy, mis, fosfor, sink va kremniyning mineral tuzlariga boy.

    Tugunakida mavjud bo‘lgan inulin qonda shakar miqdorini me’yorlashtiradi, oshqozon osti beziga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Jigarni himoya qiladi va safro chiqishini kuchaytiradi. Jigar va o‘t pufagida tosh va qum hosil bo‘lish jarayonini sekinlashtiradi.

    Ozishga yordam beradi. Buning sababi, ildiz mevalari uglevod va yog’ almashinuvini normallashtirishga, qonda xolesterin darajasini pasaytirishga olib keladi.

    Ular diuretik va yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega. Tanadan ortiqcha tuzni chiqaruvchi vosita sifatida tavsiya etishadi. Shish, podagra, osteoxondroz kasalliklarida naf keltiradi.

    Topinamburdan gipertoniya, ateroskleroz, taxikardiya, stenokardiya va yurak-qon tomir kasalliklarida foydalanish tavsiya etiladi.

    Immunitetni oshiradi. Topinambur ildizidagi askorbin kislotasining yuqori miqdori tananing himoya kuchlarini faollashtirishga yordam beradi.

    Bundan tashqari, ildiz mevalari fosfor va argininga boy bo‘lib, ular chidamlilik va jismoniy kuchga qarshilikni oshiradi.

 

Umurzakova Zebiniso

Samarqand davlat universiteti

botanika kafedrasi professori.