Sog‘lom ovqatlanish - salomatlik garovi.

    O‘sib kelayotgan yosh avlodning ovqatlanishida yuzaga keladigan nuqsonlar ularning vujudidagi biokimyoviy va fiziologik jarayonlarga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bolalarning har tomonlama sog’lom voyaga yetishishlarida ularning ratsional ovqatlanishini to’g’ri tashkil etish eng muhim omillardan biri bo’lib hisoblanadi.

    Chunki, bola organizmi kattalarnikiga nisbatan bir qator fiziologik ko’rsatkichlari bilan farq qiladi. Shu bilan birga bola organizmidagi moddalar almashinuvining nisbatan jadalligiga bog’liq. Ular tanasidagi to’qima va hujayralar turli oziq moddalarni yetarli miqdorda bo’lishini talab qiladi. Agar bu ehtiyoj o’z vaqtida qondirilib borilmasa, organizmda u bilan bog’liq nuqsonlar asta-sekin yuzaga keladi va ularning qayta tiklanishi juda qiyin kechadi. Bunday holatlarni oldini olish uchun oilada ota-onalar, maktabda o’qituvchilar va mutasaddi xodimlar tomonidan masalaga doir tegishli vazifalarni amalga oshirib borishi, sog’lom ovqatlanish hamda sog’lom turmush tarzini keng xalq ommasi orasida targ’ib qilish muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.

    Hozirgi paytda bilib, bilmasdan kunlik ovqat ratsioni tarkibida uglevodlarning hissasi me’yor darajasidan ancha yuqori bo’lishi kuzatilmoqda. Bu holat asosan non va non mahsulotlari, xamirli taomlar, yormalar, guruch va sof shirinliklarni boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan ancha-muncha ko’proq iste’mol qilinishi bilan ro’y beradi. Bir vaqtning o’zida oqsil va yog’ga bo’lgan ehtiyoj qondirilmasdan, oqibatda tanada bu mahsulotlarga bo’lgan tanqislik yuz beradi. Xususan, o’quvchi yoshlarning ovqatlanishida yuzaga keladigan bunday nomutanosibliklar va ularning davomli bo’lishi, bolalarning o’sishi va rivojlanishi, jismoniy va aqliy qobiliyatining takomillashuvi, fanlardan o’zlashtirishning maqsadga muvofiq bo’lmasligiga olib keladi. Shuning uchun o’quvchi-yoshlarning to’g’ri ovqatlanishida bu boradagi fiziologik tushunchalarni keng xalq ommasi ayniqsa, o’qituvchilar orasida keng targ’ib qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Ota-onalarga bolalarining sog’lom ovqatlanishi uchun ayrim tavsiyalarni keltirmoqchimiz:

  • Ovqatlanishda gigiyena qoidalariga rioya qilishiga doim e’tibor qarating. Ovqatlanishdan oldin va ovqatlanishdan so’ng qo’lini kamida 1 daqiqa sovunlab yuvishga yoki antiseptik vositalaridan foydalanishga o’rgating.
  • Yurib yoki tik turgan holatda ovqatlanishiga yo’l qo’ymang.
  • Kunlik qabul qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi, sifati,  energetik qiymati hamda boshqa jihatlariga e’tiborli bo’ling.
  • Uyda va maktablarda oqilona ovqatlanishga doir ilmiy-ommabop materiallardan bolalarni kengroq foydalanishini nazorat qiling.
  •  Sut va sut mahsulotlari, meva, sabzavotlar hamda shunga o’xshash qishloqda yetishtiriladigan mahsulotlarni ko’proq istemol qilishiga sharoit yarating.
  •  Tez tayyor bo’ladigan yoki yarim tayyor mahsulotlarga ruju qo’yish holatlarini oldini olishga e’tibor qarating.
  • Bolangiz ko’chadan oziq-ovqat do’konidan istemol qiladigan ichimlik, yogurt, turli xil shirinliklar, kanserva mahsulotlarining yaroqlilik muddatini ko’zdan kechiring.
  • O’z vaqtida me’yori bilan ovqatlanishiga e’tibor qiling. Haddan tashqari ko’p ovqatlanish ham zararli.
  • Issiq ovqat bilan sovuq suv ichishiga yo’l qo’ymang.

 

Hulkar Hazratova

Samarqand davlat universiteti

odam va hayvonlar fiziologiyasi va biokimyosi kafedrasi doktoranti