Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha  prorektori, professor Ahmadjon Soliyev tarix fakulteti bitiruvchi kurs talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

    Tadbirda oliy ta’lim tizimining magistratura bosqichiga qabul jarayonidagi o‘zgarishlar, xususan xorijiy tillarni o‘rganish zaruriyatga aylanayotganligi haqida fikr yuritildi.

    - Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ona tilidan tashqari yana ikki tilni bilish tabiiy hol sifatida qaraladi. Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganishga qaratilayotgan e’tiborning asosiy maqsadi shu masalaga yo‘naltirilgan, - deydi prorektor Ahmadjon Soliyev. – Har bir talaba bakalavr bosqichida chet tilini mukammal darajada o‘rgangan bo‘lishi kerak. Xorijiy tillarni bilish yosh kadrlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu boisdan, yoshlar o‘z ona tilini mukammal bilish bilan bir qatorda, bir nechta xorijiy tillarni bilishlari va muloqot qila olishlari maqsadga muvofiq. Chet tillarini bilish kasbiy kompetensiyaning zaruriy shartlaridan biri bo‘lib, mutaxassisga mehnat bozorida ustunlik beradi. Butun dunyo bo‘yicha kuchli salohiyat, ijodiy fikrlash va  tahlil  qilish qobiliyatiga ega    professional kadrlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Bu borada sanab o‘tilgan  sifatlarni  shakllantirishda xorijiy tillarning o‘rni nihoyatda beqiyos…

    Muloqot davomida bitiruvchilarni ishga joylashish bo’yicha tavsiyalar berilib, savollarga atroflicha javob olindi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.