Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakultetida “Samarkand invest garden” MCHJ rahbari, tadbirkor Odil Rahmonov ishtirokida talabalar uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Mahoratli tadbirkor, qishloq xo‘jaligi sohasida bir necha yillik tajribaga ega, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning bir necha davlatlarida tajriba almashib qaytgan Odil Rahmonov fakultet talabalari bilan qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlik bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi. Jumladan, O‘zbekiston sharoitida ekiladigan daraxtlarning yangi navlarini yaratish, tabiiy mahsulotlardan shakar olishning yangicha usullari haqida ma’lumot berdi.

    Xususan, tadbirkor yoshlarga qarata agrar sohada yangi innovasion g‘oyalar va takliflar bilan ishlab chiqarish sohalariga murojaat qilishga chaqirdi. Buning uchun talabalarda yetarli bilim va ko‘nikmalar mavjudligini alohida e’tirof etdi. 

    - Mamlakatimizga shakar asosan Rossiya, Ukraina, Hindiston davlatlaridan keltiriladi. Tabiiy mahsulotlardan faqatgina qand lavlagidan shakar olish texnologiyasi joriy qilingan. Holbuki, bizda yetishtiriladigan qovun, tarvuz, tut kabi mahsulotlardan ham shakar olish mumkin. - dedi Odil Rahmonov - Bu orqali oziq-ovqat sanoatiga juda katta foyda keladi. Bugungi kunda mamlakatimizda yetishtirilayotgan qovun va tarvuz mahsulotlarining katta qismi xorijga eksport qilinadi. Chet elliklar ulardan turli usullarda shakar, chorva mollari uchun yem kabi bir necha xil mahsulot oladi. Ushbu texnologiya va tajribalarni yurtimizda joriy etsak, iqtisodiyotimizga ham, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

    Shuningdek, tabiiy organik moddalardan biogaz olish texnologiyasi, bu borada xorijda joriy etilgan texnologiyalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tadbirkorning aytishicha, AQSH, Xitoy kabi rivojlangan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan biogaz olinadi. Kundalik turmushda biogazdan bemalol foydalanish mumkin. Shu bilan birga biogaz olish jarayonida bugungi kunda ko‘pchilikni qiynayotgan mahalliy o‘g‘itlarni tozalash muammosi ham  o‘z-o‘zidan yechiladi.

    Ta’kidlash joizki, bugun dunyo aholisining aksariyat qismida kuzatiladigan yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklari bevosita noto‘g‘ri ovqatlanish hamda ekologik toza bo‘lmagan oziq-ovqatlar iste’molidan yuzaga keladi. Shu boisdan, tabiiy mahsulotlar xavfsizligi, ulardan kundalik turmush uchun zarur moddalar usullarini ishlab chiqish dolzarb vazifadir. Odil Rahmonov tabiiy mahsulotlardan inson salomatligi uchun zarur yod moddasi, shuningdek, baliqchilik va parrandachilik uchun samarali protein moddasi olish usullari haqida ham to‘xtaldi. 

    Seminar yakunida talabalarning O‘zbekiston sharoitida dorivor o‘simliklar yetishtirish, bog‘dorchilikda zararkunanda hasharotlarga qarshi xavfsiz va samarali usullarni ishlab chiqish kabi mavzularda savol va takliflari tinglanib, keng muhokama qilindi.

Ирода Бекмуродова
Самаркандский государственный университет
Информационная служба,
Фотографии Шавката Акрамова.