Samarqand davlat universitetining 38 nafar talabasi 2+2 dasturi asosida o‘qishini Rossiyada davom ettiradi…

img

      Samarqand davlat universiteti bugungi kunda xalqaro hamkorlik bo‘yicha katta yutuqlarga erishmoqda. Xususan, birgina Rossiya Federatsiyasining 60 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik universitet talabalariga ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochmoqda. 
      Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining o‘ttiz sakkiz nafar talabasi Rossiya Federatsiyasining Stankin Moskva davlat texnologiya universitetida yangi o‘quv yilini boshlashdi.    
      - Ko‘tarinki kayfiyatdamiz. Bizga bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan, - deydi xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti 3-kurs talabasi Diyorbek Isomiddinov. – Samarqand davlat universitetining xalqaro hamkorlikdagi loyihalari, allaqachon amaliy ishlarga ko‘chdi. Buni o‘qishga kirganimda aytishganida tasavvur qilolmagan edim. Mana shu imkoniyatlarni  yaratib bergan, yoshlarning haqiqiy g‘amxo‘ri Prezidentim Shavkat Mirziyoyevga, Stankin Moskva davlat texnologiya universitetida o‘qishini davom ettirayotgan Samarqand davlat universiteti talabalari nomidan minnatdorlik bildirmoqchiman. Nafaqat biz balki, ota-onalarimiz, ustozlarimizni ham quvonchi cheksiz. Rektorimiz, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodovga ham alohida tashakkur bildiraman.   
      - Samarqand davlat universiteti va Stankin Moskva davlat texnologiya universiteti o‘rtasida 2019 yilda memorandum imzolangandi, - SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti dekani o‘rinbosari Azamat Axmedov.- Unga ko‘ra tomonlar 2+2 dasturi asosida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ularga ikki taraflama diplom  berishga kelishib olingandi. Mazkur hujjat talablari bajarilayotganidan har ikki tomon ham rozi. Kelgusida yana bir qator ishlar amalga oshiriladi.  
      Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universiteti Stankin Moskva davlat texnologiya universiteti bilan 2019 yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda. O‘tgan o‘quv yilida ushbu universitetda Samarqand davlat universitetining 16 nafar talabasi mexatronika va robototexnika yo‘nalishida ta’lim olib, ikki taraflama diplomlarga ega bo‘ldi. 
      Xususan, joriy yilning 14 sentyabr kuni yana 8 nafar magistrant amaliyot o‘tash uchun Moskvaga ketadi. 
      Moskva davlat texnologiya universitetidan har o‘quv yilida 25 nafar talabaning Samarqand davlat universitetida ta’lim olishi belgilangan. Hozirgi kunda universitet ushbu talabalarning kelishiga hozirlik ko‘rmoqda. 

Otabek SA’DULLAYEV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.