Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov

    Samarqand davlat universiteti nafaqat O’zbekistonda, jahonning ko’plab mamlakatlarida ham mashhur qadimiy oliy ta’lim muassasasidir. SamDU ning rasman tashkil topishi 1927-yil bilan belgilansada, uning shakllanishi va oliy ta’lim maqomiga ega bo’lishi Mirzo Ulug’bek madrasasi bilan bog’liq. Ya’ni 600 yildan ziyod tarixga ega.

    Mirzo Ulug’bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, G’iyosiddin Koshiy, Alisher Navoiy, Abduraxmon Jomiy kabi buyuk avlodlarimiz Samarqandda ma’rifat va madaniyatni yuksaltirgan va jahon tamadduni tamal toshlari qo’yganliklari, ularning boy meroslari asosida bugungi oliy ta’lim muassasalari tashkil topganidan g’ururlanamiz.

    Samarqand davlat universiteti dastlab 1927-yil Oliy pedagogika instituti nomi bilan tashkil qilingan. 1930-yili O’zbekiston davlat pedagogika akademiyasiga va 1933-yilda esa O’zbekiston davlat universitetiga aylantirilgan. 1941-1944 yillarda ikkinchi jahon urushi munosabati bilan O’zbekiston davlat universiteti O’rta Osiyo universiteti tarkibiga kiritilgan. 1944-yilda O’zbekiston davlat universiteti qayta tiklandi. 1960-yildan boshlab O’zbekiston davlat universiteti Samarqand davlat universiteti deb nomlangan.

    Bugungi kunda Samarqand davlat universitetining 7 ta fakultet va 4 ta institut, 59 ta kafedralarida 72 ta’lim yo’nalishi bo’yicha 17000 ga yaqin bakalavr va 50 magistratura mutaxassisligi bo’yicha 700 dan ziyod magstrantlar tahsil olmoqda. Ularga 900 ga yaqin professor-o’qituvchilar, jumladan, 3 nafar akademiklar, 115 nafar fan doktorlari va 440 nafar fan nomzod, PhD lari ta’lim berishmoqda. 60 dan ortiq mutaxassisliklar bo’yicha falsafa doktori (Phd) va fan doktorligi (DSc) doktoranturalari, ularni himoyasini o’tkazuvchi 12 ta ilmiy kengashlar faoliyat yuritmoqda.

    Universiteti tarkibida 3 millondan ortiq ilmiy va o’quv adabiyotlari, jumladan, 15 000 ga yaqin nodir kitob va sharq qo’lyozmalari mavjud bo’lgan kutubxonasi mavjud.

    Shuningdek, 1 akademik litsey, 2 maktab, 4 muzey, 1 oranjereya, 2 noyob qurilma faoliyat yuritmoqda.

    Mustaqillik yillarida universitet talabalaridan 23 nafari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidagi davlat stipediyalari, 125 nafari esa atoqli shaxslar nomidagi davlat stipendiyalarini, 11 nafar talaba esa Zulfiya nomidagi davlat mukofoti olishga sazovor bo’lishgan.

    Bitiruvchilarimizdan 13 jahon, 80 Osiyo, 170 dan ortig’i O’zbekiston chempioni bo’lishgan. Shuningdek, 3 nafari Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida g’oliblikni qo’lga kiritgan.

    Samarqand davlat universiteti professor-o’qituvchilardan 1 nafari O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, 2 nafari “El-yurt hurmati” ordeni, 4 nafar O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi, 3 nafari “Shuhrat” medali, 3 nafari “Mehnat shuhrati” va 2 nafari “Do’stlik” ordeni bilan taqdirlangan.