Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning soha xodimlari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid MUROJAATI Hurmatli soha xodimlari, professor-o‘qituvchilar va aziz talaba-yoshlar!

    So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiya, poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik kabi illatlarga qarshi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar xalqimizga munosib sharoit yaratish maqsadida olib borilmoqda. Xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari e’tirof etilmoqda.

    Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muhim qonunlar qabul qilingan, jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun. Prezidentimizning "O‘zbekiston — 2030" strategiyasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish alohida maqsad sifatida belgilab berilgan. Masalan, 89-maqsadda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirish vazifalari belgilangan.

    Bugungi kunda iqtisodiyotni raqamlashtirish korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali vositasiga aylandi. Raqamli texnologiyalar korrupsiyani kamaytirish, soliq tushumlarini oshirish va davlat xizmatlarini shaffof tarzda ko‘rsatishga xizmat qiladi.

    Ta’lim tizimida Korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali vositalardan biri —ta’lim tizimini raqamlashtirishdir. Shu maqsadda, "Raqamli universitet" loyihasi doirasida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS - Higher Education Management Information Systems) ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

    Mazkur axborot tizimi oliy ta’lim muassasalarining administrativ, akademik, ilmiy va moliyaviy faoliyatlarini avtomatlashtirish, o‘quv jarayonlarini tashkil etish, monitoringini olib borish va boshqarish, masofadan onlayn o‘qish ta’lim xizmatlarini tashkil etish hamda vazirlik axborot tizimi bilan axborot almashish vazifasini bajaradi.

    Hozirda HEMIS orqali oliy o‘quv yurtlarining barcha jarayonlari shaffofligi ta’minlanib, barcha ma’lumotlar avtomatlashtirilgan ravishda yozib boriladi va nazorat qilinadi. Bu orqali pora berish yoki turli tanish-bilishchilik kabi salbiy holatlarning oldi olinmoqda. Oliy ta’lim muassasalari va vazirlik o‘rtasidagi axborot almashinuvi ham bu tizim orqali amalga oshirilishi natijasida, o‘quv jarayonlarining aniqligi va shaffofligi ta’minlanmoqda.

    Tizimning joriy etilishi ta’lim sifatini oshirish, manfaatdorlik va shaffoflikni ta’minlash orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurashishga xizmat qiladi.

    “HEMIS” axborot tizimining “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” mobil ilovasi takomillashtirildi. Hozirgi kunda mobil ilovadan 600 mingdan ortiq talabalar foydalanmoqda. O‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifa berishga mo‘ljallangan “pedagog.edu.uz” platformasi ishga tushirildi.

    Ming afsuski korrupsiya degan illatning sohada sodir etilishiga olib keluvchi shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, bu kabi holatlarning sodir etilishi hamon kuzatilmoqda.

    Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida, fuqarolarni o‘qishga kirishini yoki o‘qishini ko‘chirib berishini va’da qilgan  bir nechta o‘qituvchi va mas’ul shaxslar pora olgan vaqtlarida qo‘lga olingan. Ularning barchasiga qarshi jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Jinoyatga jazo muqarrar!

    Korrupsiyaning ta’lim sohasidagi zarari juda katta. U ta’lim darajasini pasaytiradi, bilimsiz va tajribasiz kadrlar yetishib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, yoshlar orasida davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi. Mana shu sababli, barchamiz birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashishimiz zarur.

    Hurmatli ustozlar va talaba-yoshlar!

    Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizga aylanishi kerak. Korrupsiya davlat rivojlanishining oldini oladi, ayniqsa ta’lim sohasida. Bunga qarshi barchamiz birdek mas’ulligimizni his etsak, kelajakda yetuk va bilimli kadrlar yetishib chiqadi va ular davlat ravnaqiga munosib hissa qo‘shadilar.

    Yurtimiz kelajagi sizlarning halollik va mas’uliyatli faoliyatingizga bog‘liq!

 

Hurmat bilan, 

K. Sharipov, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri