Qora shahzoda (hikoya)
-I-
Men butun olamni o‘sha men o‘sgan issiqxona deb o‘ylab yurardim. Endi bilsam, olam faqat quyosh nuri, suv tomchilari, to‘rt devor ichidagi gullar-u, issiqxonadagi «mehribon» odamlardan iborat emas ekan. Bu hayotda boshqa narsalar ham bor ekan. Xotiralarim suv solingan shisha idishda tomir yoya boshlagan ilk kunlarimda o‘sha qorong‘u xonada boshlangan. U yerda yolg‘iz emasdim. Bizning turdagilar, shuningdek, boshqa turdagi o‘simliklar ko‘p edi. Keyinroq bizni boshqa joyga ko‘chirishdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, har birimizni alohida-alohida qilib tuvaklarga joylangan tuproqqa ekib chiqishdi. Yangi hayotga ko‘nikish oson bo‘lmadi. Ammo tez fursatda o‘zimga keldim. Shundan keyin ancha vaqt issiqxonada bo‘ldim. U yerda o‘zimni juda yaxshi his qilardim. Shundan bo‘lsa kerak, bo‘yim o‘sib, barglarim kattalasha boshladi. Biroz vaqt o‘tgach meni, va bir talay sheriklarimni allaqanday qorong‘u to‘rtburchak qutilarga joylab gul do‘koniga olib kelishdi. Do‘konda unchalik ko‘p turmadim. Kelganimning uchinchi kuni yoqimtoygina keksa kampir meni tanlab oldi. Keyin kampirning to‘rxaltasida uning mo‘jazgina uychasiga keldim. Xona juda shinam va saranjom edi. Tokchalar bo‘ylab qator tuvaklar terilgan, ular orasida har qanday turdagi gullar bor edi. Geran, aloe, xitoy atirguli, binafsha, lavanda, gortenziya va hatto afelyandra ham. Lekin men o‘zimning turimda yagona edim. Hamxonalarim bilan yaqindan tanishib oldim. Keksa bekamiz bizga juda g‘amxo‘r edi. Suv va ozuqani me’yorida berar, yengil nafas olishimizga yetarlicha sharoit bor edi. Ammo men quyosh nuri haddan tashqari ko‘p tushadigan joyda turib qolgandim. Shu sababdan, rangim o‘zgarib, och tusga kirib qoldim. Beka buni darrov sezdi va meni narigi tokchadagi lavandaning yoniga o‘tkazdi. Hayotim juda osuda edi. Beka ertalab juda barvaqt uyg‘onar, qibla tomon karatib to‘shalgan joynamoz ustida uzoq vaqt ibodat qilardi. Kun davomida mayda-chuyda ishlar bilan band bo‘lib, goh oshxonada kuymalanar, goh hovlida allanimalar bilan band bo‘lardi. Kechga yaqin xona o‘rtasidagi stolda ovqatlanardi. Bekaning Momiq degan mushugi bor edi. Beka doim ovqatlanayotganda u bilan gaplashar, uni ham ovqat bilan siylashni unutmasdi. Beka Momiqdan tashqari gohida biz bilan ham gaplashar, yaproqlarimizni silab erkalab ham qo‘yardi. Ba’zida uyimizga bir ayol ham kelib turardi. Uning ismini bilmayman, lekin menga yoqmasdi. Beka u bilan ancha payt gaplashib o‘tirar, kech tusha boshlagach ayol g‘oyib bo‘lardi. Bir kuni o‘sha ayol yana keldi. Ikkisi kechgacha gaplashib o‘tirgach, ayol ketdi, beka esa chiroqni ham yoqmasdan qorong‘u xonada uzoq xayol surdi. So‘ng tokcha yoniga kelib, mening keng yoyilgan yaproqlarimni ushladi.
— Qora shahzodam,- dedi u barglarimni silarkan,- pahlavonim.Sen bu yerdagi hamma gullarning shahzodasisan, shuningdek himoyachisi ham. Qaddingni tik tutib, qulochingni keng yozib o‘saver. Men senga ishonaman. Sen xuddi o‘g‘lim mening suyanchim bo‘lgani kabi, boshqa gullarga suyanch bo‘l. O‘g‘lim hozir xorijda. O‘sha yerda ishlaydi, mana shu uychadan to‘rt barobar katta uyda shirin-shirin nevaralarim, kelinim bilan yashaydi. Men ularni hali ko‘rmaganman. Lekin nevaramni xuddi o‘g‘limning bolaligidagi qiyofasi bilan tasavvur qilaman. O‘g‘lim mendan uzoqda bo‘lsa-da, men unga suyanib yashayman. O‘lsam, qabrimni tepkilab ko‘mguvchi yolg‘iz suyanchim u. Mana ko‘rasan, u albatta keladi. Kelinim va nevaralarimni olib keladi. Keyin biz bir oila bo‘lib mana shu uyda yashaymiz. Uy biroz kichkina, ammo bizga shu ham bo‘laveradi. Katta xonadonlarda fayz kam bo‘ladi, deyishadi.Mayli, o‘g‘lim va kelinimga o‘zimning xonamni bo‘shatib beraman. Men oshxonaga ko‘cha qolaman. U yer ham issiq, qulay joy. Ishqilib, o‘g‘lim kelsa bo‘ldi. Qizim uni kelmaydi, deb xato qildi. U albatta keladi, mana ko‘rasan...
Beka ko‘pincha ichidagilarni mana shu tarzda bizga aytardi. Keyin u qolgan gullar bilan ham birma-bir gaplashib chiqdi. So‘zlarida dard bo‘lsa-da tilidan negadir erkalashga o‘xshab chiqar, bu esa bizni ruhlantirardi. Tashqarida yomg‘ir yog‘a boshladi. Beka bizni hovliga olib chiqib, yomg‘ir ostiga qo‘yib qo‘ydi. Bundan juda ham xursand bo‘ldim. Yomg‘ir qaysi gulga yoqmaydi deysiz. Tomchi ostida turishdanda zavqli ish bor ekanmi bu olamda?!
(davomi bor)...
Iroda Bekmuradova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi.

