Inson hayotida har bir davrning o`ziga yarasha ahamiyati va beqiyos o`rni bo`ladi. Talabalik davri ham ana shunday unutilmas va betakror xotiralarga to`la bo`lgan umrimizning bahoridir. Bu davrning naqadar betakror, takrorlanmas ekanligini va uning nega oltin davr deyishlarini universitetni bitirib, mustaqil hayot ostonasiga qadam qo`yganimizda, fikrlashimiz, dunyoqarashimiz kengayganida uning naqadar go`zal bir davr bo`lganligini yanada teranroq anglab yetar ekan kishi.

    Samarqand davlat universiteti tarix fakultetining 2008-2012 yillarda tahsil olgan talabalari bitirganimizning 10 yilligini nishonlash uchun tarix fakultetiga tashrif buyurdik. Eng avvalo universitetdagi yangi binokorlik ishlari chin ma’noda bizni hayratga soldi. Zamonaviy o’quv binolarning qurilganligi, sport maydonchasining bunyod etilganligi hamda hali ham binokorlik ishlari bo’layotganligidan xursand bo’ldik. Tarix fakultetiga kirar ekanmiz beixtiyor, talabalik davriga qaytgandek bo’ldik. O’qigan vaqtimizda bizga dars o’tgan ustozlarimizni ko’rib beixtiyor sevindik. Bu esa bizga yanada kuch va ilhom baxsh etdi.

    Hozirgi kunda Samarqand davlat universitetida iste`dodli, salohiyatli, bir so`z bilan aytganda, o`z kasbining fidoyi insonlari ilmiy faoliyat olib bormoqda. Bu esa universitetni buyuk kelajak kutayotganidan dalolat beradi. 

    Jonajon universitetimizda ayni vaqtda O`zbekiston tarixi kafedrasi, arxeologiya kafedrasi, jahon tarixi kafedrasi, tarixshunoslik va manbashunoslik kafedralari faoliyat olib bormoqda.

    Har qancha qo’msamaylik, yodga olmaylik o`sha beg`ubor va betakror talabalik davrimiz bizda doimo yorqin xotiralar bilan qalbimizda qoladi.

    Qayerga borsak ham biz Samarqand davlat universiteti bituruvchisimiz, deb baralla aytib, faxrlanib yuramiz. Men universitetimizning keyingi ilmiy-ijodiy ishlarida muvaffaqiyat va barcha ezgu tilaklarimni tilayman!

 

Orifjon Habibullayev,

Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi.