Samarqand davlat universiteti va ota-onalar hamkorligi davom etadi…
Samarqand davlat universitetida tarix fakulteti talabalari va ularning ota-onalari bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbir avvalida ota-onalar farzandlari tahsil olayotgan fakultetda bo‘lishdi. O‘quv jarayonlari, muzey, kutubxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov g‘oyasi asosida yaratilgan film ota-onalar eʼtiboriga havola qilindi. Filmda oddiy oiladan chiqib, bilim, taʼlim olish orqali yuqori natijalarga erishgan qahramonlarning hayot yo‘li aks ettirilgan.
“O‘zingizga ishoning! Siz ular kabi kuchlisiz. Bilim egallang. Umidsizlikka tushmang. Faqat oldinga, faqat olg‘a…” shiori asosida tayyorlangan mazkur film tadbir ishtirokchilariga katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori Rustam Yo’ldoshev so’zga chiqib, ota-onalar bilan muloqot qildi.
- Qizim, Ruxshona Samarqand davlat universiteti tarix fakultetida o’qiydi. Ota-onalar uchrashuvi biz uchun manfaatli bo’ldi, - deydi Nilufar Sharipova. – Tadbirda namoyish etilgan filmdan ta’sirlandim. Qahramonlarning hayot yo’lini ko’rib, ota-onaning farzand ta’limi va tarbiyasidagi roli naqadar muhimligiga yana bir bor guvoh bo’ldim. Men o’qimaganman, farzandlarim ziyoli bo’lishini juda xohlaganman. Ularning o’qishi uchun yanada ko’proq sharoit yaratib beraman.
- SamDU rahbariyatidan minnatdorman. Ota-onalar farzandlariga qilolmagan sharoitlarni yaratib bermoqda, - deydi Muqaddas To’xtayeva. – Bugun universitetdagi imkoniyatlarni ko’rdim, qizim Rayxonaning mintaqadagi eng yaxshi oliy ta’lim muassasasida tahsil olishidan faxrlandim. Uchrashuvda filmni ko’rib, farzandlarimizning o’qishi uchun yanada ko’proq qayg’urishimiz lozimligini angladim. Bolalarimiz ota-onalarining mehnatini qadrlashi, davlat yaratgan sharoitlarni oqlashi uchun ham yaxshi o’qishi kerak.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.