1-qismni o‘qish

-II-

    Keyingi kunlar davomida beka betob bo‘lib qoldi. U kun bo‘yi  ko‘zlarini tashqariga tikkan ko‘yi deraza oldiga qo‘yilgan divanda yotar, onda-sonda kelib turadigan qizi endi har kuni shu yerda edi. Beka kun bo‘yi tuz ham totmas, tiq etgan tovush eshitilsa, eshikka termulardi. U o‘sha uzoqdagi o‘g‘lini kutar, Xudodan eson-omon qaytishini tilardi. Ammo bir hafta o‘tsa-da o‘g‘lidan darak yo‘q edi. Beka o‘rnida yotgan ko‘yi biz bilan gaplashar, tushida o‘g‘lini ko‘rganini aytib berardi. Shu lahzada o‘sha o‘g‘ilning qaytishini men ham istay boshladim. Agar u kelsa, beka tuzalib ketar va yana avvalgi osuda kunlarimizga qaytardik.

    Ertasi kuni bizni, ya’ni hamma gullarni oshxonga o‘tkazishdi. Buni bekaning qizi amalga oshirdi. U buni shunchalik tez va sovuqlik bilan qildiki, hozirgina deraza raxida chiroyli qilib terilgan gullar o‘n daqiqa o‘tgach oshxona burchagida betartib aralashib yotardik. Bu yer biz uchun juda noqulay edi. Quyosh nuri umuman tushmasdi. Havosi ham bo‘g‘iq edi. Biz shu alfozda yana bir hafta chamasi turdik. Nafasim bo‘g‘ila boshladi, buning ustiga anchadan beri suv ham ichmagandim. Bekaning qizi har kuni oshxonaga kirib-chiqib turar, bizga qiyo ham boqmasdi. Beka esa umuman ko‘rinmay qoldi. Bu yerga ko‘chirishgan kuni narigi xonadan bekaning  past, siniq ovozi eshitilib turgandi. Ammo mana bir haftadirki, bu ovoz ham eshitilmay qo‘ydi. Balki, o‘g‘li kelgach, bekani olib ketgandir, deb o‘yladim. Biroq, xonada birorta begona odamni ko‘rmadim.

    Tuproq tobora qurib borar, vujudimda behollik sezardim. Tik qaddim bukila boshladi. Bekani chaqirdim, ammo meni hech kim eshitmasdi. Boshqa gullarning ham ahvolini yaxshi deb bo‘lmasdi. Kun davomida faqat mudrab o‘tirar, hech narsani sezmasdim. Bir kuni doimgidek mudrab o‘tirgan ekanman, allaqanday silkinishdan uyg‘onib ketdim. Qarasam, bekaning qizi gultuvaklarni bittalab aravachaga ortyapti. Keyin yana mudrab qolibman, bu yog‘ini eslolmayman. Ko‘zimni ochganimda o‘zimni yana peshtaxtada ko‘rdim. Bu o‘sha bir paytlar bekam meni sotib olgan gul do‘koni edi.

-III-

    Gul do‘konida o‘n kun turdim. Kelganimning o‘n birinchi kuni do‘kon egasi meni bir qizchaga hadya qildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, qizcha xonimga gultuvaklar solingan yukini do‘kongacha olib kelishda yordam bergan ekan. Xonim peshtaxtadagi gullarni qiziqish va hayrat bilan tomosha qilayotgan qizchaga minnatdorona ohangda eng oxirgi peshtaxtadagi gullar orasidan xohlaganini tanlab olishi mumkinligini aytdi. Suyunganidan qaysi gulni tanlashni bilmay uzoq o‘ylanib turgan qizchaning tanlovi men bo‘ldim. Shundan keyin qizchaning bag‘rida uning uyiga ketdim. Qizcha meni mehmonxonaga olib kirdi, kresloda yastangancha o‘tirgan odamga salom berdi. Erkak, qizning dadasi bo‘lsa kerak, sovuq alik oldi. Qizcha meni qo‘lida tutgan ko‘yi dadasiga termuldi. Nazarimda u dadasining gulni qaerdan olganini so‘rashini, bunga javoban bugungi xayrli ishini aytib, dadasidan bir og‘iz maqtov eshitishni kutardi. Ammo tamaki tutatgancha parishon o‘tirgan dada unga hech narsa demadi. Qizcha meni stol ustida qoldirib, ichkariga kirib ketdi. Xona tor va tartibsiz edi. Javondagi kiyimlar betartib sochilib yotar, yerni singan shisha idish siniqlari qoplab olgandi. Biroz vaqt o‘tgach, erkak bir qo‘lida chala chekilgan sigaret donasini tutgancha  telefon qarshisiga bordi. Uzoq vaqt taraddudlanib raqam tera boshladi. Narigi tomondan ayol kishining ovozi keldi.

     “...Alo... Iltimos, go‘shakni qo‘yma. Meni kechir, o‘tinaman. Bu boshqa takrorlanmaydi. So‘z beraman senga...yolg‘on emas. Gaplarim rost... Va’da beraman ichishni tashlayman...Farzandlarimiz uchun, iltimos...”

    Oradan ikki soatlar o‘tgach, narigi xonada yosh bolaning yig‘isi eshitildi. Unga g‘ala-g‘ovur ovozlar ham qo‘shildi. Aftidan uy bekasi qaytganga o‘xshardi. Xo‘jayin shodon qiyofada unga peshvoz chiqdi. Keyingi bir soat davomida ayolning yig‘i ovozi tinmadi. Men esa mudray boshladim.

    Ertalab sovuq havodan seskanib ko‘zimni ochdim. Xona derazalari lang ochib qo‘yilgan, beka hafsalasizlik bilan uyni tartibga keltirardi. Ishga haddan ortiq berilib ketganidanmi, yoki o‘zi shundaymidi, har holda u menga qayrilib ham qaramadi. Stol ustini artarkan, meni zarda bilan deraza raxiga o‘tkazib qo‘ydi-yu, ishida davom etdi. Kunni ana shunday xomush kayfiyatda o‘tkazdim.

(davomi bor)...

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi