Kimdir (ikkinchi qism)
2
Soat yettiga yaqin ishdan chiqdim. Havo anchayin sovuq. Osmon quyuq qora bulut pardasi bilan qoplangan, o‘lim to‘shagida yotgan bemorday ma’yus, bo‘zargan qiyofada boqib turibdi. Atrofda oktyabrning etni junjiktiruvchi shamoli izg‘ib yurardi. Piyoda keta boshladim. Taksida qatnashga cho‘ntak “dosh bermaydi.” Buning ustiga har dam olish kuni “yo‘qlab” turadigan ulfatlarning turli restoran, dam olish joylariga sudroviga bardosh berishi kerak. Telefonim jiringladi. Ekran yuzida “Rustam” ismini o‘qishim bilan, ertalabki noma’lum maktub yodimga tushdi. Iljayib, go‘shakni ko‘tardim. Rustamning ovozi men kutganday quvnoq jaranglash o‘rniga allaqanday jiddiy va xomush eshitildi. Rustamning telefon qilishidan muddao unga pul kerak ekan. Ishlari o‘xshamay turganmish. Qarzga botib qolibdi. Uch kun ichida pul topishi kerakmish. Unga pul beradigan sharoitim yo‘q edi. Vaziyatni to‘g‘ri tushuntirdim. Rustam ranjigandek bo‘lib, xayrlashdi. Uni to‘xtatib, bugun menikiga borgan-bormaganini so‘radim. Bir haftadan beri qishlog‘ida emish. Shahardagi uyiga ijarachi qo‘yishga to‘g‘ri kelibdi. Rustam bilan tezda xayrlashdim...
Kechqurun kech uxlagan bo‘lsam ham negadir tongda uyqum o‘chib, erta uyg‘ondim. Bongsoat chalishini kutib picha o‘y surib yotdim. Boshqalaridan sira farq qilmaydigan yana bir kun boshlandi. Faqat uy-ish, ish-uydan iborat bir xil hayot ba’zida odamni zeriktiradi. Go‘yo bu dunyoda faqat bir o‘zing qolgandek. Shaharning talato‘p girdobi yutib yuboraman deydi. Sen bir taraf, istaklaring ikkinchi taraf bo‘lib qoladi. Onam rahmatli hayotligida qishloqqa tez-tez borib turardim. Onamning vafotidan keyin u tarafga qadam qo‘yishim siyraklashdi. Borganim bilan nima ham qilardim. Ukamning aftiga tikilib o‘tiramanmi?! U ham qarshisida meni ko‘rishi bilan nasihat xaltasini ochib oladi. Nima emish: Bahor yangam bilan yarashingmish. Xudodan qo‘rqishim kerakmish. Men Xudodan qo‘rqqulik nima ish qildim o‘zi? Bahoraga o‘zi avvalboshdan ko‘nglim yo‘q edi. Besh yildan keyin qanday qilib ko‘ngil bo‘lsin?! Buning ustiga Xudo birorta farzand ham bermadi. Harna, bolalarimning onasi deb mehr qo‘ysam. Shunday bo‘lganidan keyin, nima qilayin edi?! Qolaversa, uning o‘zi ham meni unchalik xushlamasdi. Nuqul janjal, g‘idi-bidi, arzimagan sabablar topib koyishlar. Nima, men unga butun umr koyish eshitay deb uylanganmidim?!
Bahoraning nazdida men gunohkor odam ekanman. Xudoning farzand bermaganligi sababi ham shu emish. Farzandli bo‘lishni istasam, yurishimni to‘g‘rilashim kerakmish. Turishimga nima qipti desam, meni hech narsadan xabari yo‘q deb o‘ylaysizmi deydi.
—Xabaring bo‘lganda nima?! Nima ham qila olarding?! Senga xiyonat qilishimni bilsang, unda nima qilib bu yerda turibsan, ket! - dedim.
Tavba, ayol kishining irodasi qanaqa bo‘ladi, bilmadimu men uni o‘sha zahoti ketib qoladi deb o‘ylagandim. Lekin u shunda ham menga indamay tikilib turdi-yu, "Allohdan qo‘rqing" deb, oshxonaga chiqib ketdi. Shu bilan ishga ketdim. Yarim kechasi shirakayf bo‘lib qaytdim. To‘g‘risi, uni allaqachon onasinikiga ketgan deb o‘ylagandim. Shuning uchun ham Rustam bilan o‘tirib, ichgandik. Kelsam, u haliyam uyda. Yarim tunda uxlamasdan meni kutib o‘tiribdi. Alamim keldi. Kichkinaligimda ukam bilan g‘ijillashib qolsak, onam meni urishardi. Onamdan ranjib, endi bir hafta onamga gapirmay, meni urishganiga pushaymon qildiraman, deb reja qilardim-u bir soatdan keyin onamning o‘zi yaxshi gapirib kelib o‘tirardi. O‘zimni xo‘rlanganday his qilardim. Nima men bir itmidimki, avval kaltaklab, keyin shu zahoti erkalaydigan?! Bahoraning bu qilig‘i ham menga shuni eslatdi. Zarda qilib, mehmonxonaga chiqib yotdim. Unga umuman gapirmay qo‘ydim. Shu tarzda ham ikki oycha yashadik. U menga gapirishga, yarashishga ko‘p harakat qilardi, lekin men unamasdim. Bora-bora unga ochiqdan-ochiq xiyonat qiladigan bo‘ldim. Ko‘z oldida telefonda gaplashardim. Uyga xohlagan payti kelardim, xohlagan vaqtimda chiqib ketardim. "Ko‘ramiz, sabring qayoqqacha borarkin" qabilida ish tutardim. Maqsadim u bilan butunlay ajrashish edi. Va nihoyat bir kuni bu niyatimga ham yetdim. Doimgidek uyga kech, buning ustiga mast bo‘lib qaytsam, Bahora yana meni kutib o‘tirgan ekan. Indamay mehmonxonaga o‘tib ketayotuvdim, to‘xtatdi. Yig‘lab-siqtab diydiyosini boshladi. Bu hol qachongacha davom etishini so‘radi, odamlarga o‘xshab yashaylik dedi. Men unga u bilan ajrashmoqchi ekanligimni aytdim. "Menga farzand tug‘ib beradigan boshqasiga uylanaman. G‘ururing bormi o‘zi, shunaqa xo‘rlanib yashashga yuzing qanday chidaydi, bu uydan qancha tez ketsang shuncha yaxshi!"- dedim-u xonamga kirib ketdim. Ertalab tursam, uy jimjit. Bahora butunlayiga uyni tark etibdi. Mana shu voqeaga ham ikki yildan oshdi. Bahorani sudda rasman ajrashgan kunimizdan beri ko‘rganim yo‘q. Orqavarotdan eshitganlarimga ko‘ra, hozir akasinikida yashar ekan…
(davomi bor...)
Iroda Bekmuradova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi.

