1

Qadrini izlagan qadrsiz, 

O‘liklar tirikdir qabrsiz,

Tiriklar o‘likdir sabrsiz.

Ruhim bir tan ichra yasholmas.

(Shahrizod Shodiyev)

    Ertalab uyg‘onish qiyin bo‘ldi. Kech uxlaganim uchunmi yoki qattiq charchaganmidim, bongsoat uchinchi marta chalganda ham o‘rnimdan turgim kelmadi. Ammo ishga borish kerak edi. Nailoj, erinib o‘rnimdan turdim. Kecha sal “ko‘payib” ketganmi, boshimning ichiga bir to‘da ari kirib olganday g‘uvillab og‘rirdi. Muzdek suvda yuvinganimdan keyin sal-pal o‘zimga keldim. Bunaqa “g‘uvillashlar” har kuni bo‘lmasa ham kunora bo‘lib turgani uchun o‘rganib ketganman. Sovuq suvda yuvinib, ikki chashka achchiq qahvadan keyin “otday” bo‘lib ketaman. Oshxonaga o‘tib, choy qo‘ydim. Derazadan atrofni kuzatgancha suv qaynashini kuta boshladim. Quyosh chiqib turgani bilan havo sovuq shekilli, ko‘chadagi odamlar pidjak, kurtka, shunga o‘xshash issiq kiyimlar kiyib olishibdi. Derazani ochishim bilan muzdek, ammo huzurbaxsh havo yopirilib kirdi. O‘pkamni to‘ldirib nafas oldim. Havodan o‘tkir yomg‘ir hidiga aralash nariroqdagi bodroq budkasidan kelayotgan qovurilgan jo‘xori hidi anqirdi. Junjika boshladim, lekin bu tanamga yoqardi. Choynak hushtak chaldi. Qahva damlayman deb shkafni ochganimdagina kecha qutidagi oxirgi qahvani damlaganim esimga tushdi. "Jin ursin! Endi pastga tushib chiqish kerak. O‘zi ishga shoshib turibman. Lekin qahva ichmasam ham bo‘lmaydi." Nailoj, ustimga plashimni ilib ko‘chaga chiqdim.

    "Bahora uyda bo‘lganida ham o‘zi olib kelib berardi. Bunaqa tang vaqtda shippagimni sudrab, ko‘chada yurmasdim. Ayol zoti o‘zi shu: keragida topilmaydi. Men-ku usiz ham bir kunimni ko‘rib ketarman, lekin u hali ko‘p pushaymon bo‘ladi. Xotin kishi yaxshimi, yomonmi taqdiri qo‘shilgan odamga chidab, ko‘nikib yashashi kerakmi? Kerak. Shunday ekan, aybni mendanmas o‘zidan axtarsin. Men hali yomon bo‘lib uni nima qilibman?! Biron marta chertmagan bo‘lsam. Urishib qolganimizda ham o‘zimni bosib gapirardim…"

    Do‘kondan bir quti qahva olib chiqqunimcha besh daqiqa o‘tdi. Uyimga kelib, eshikka kalit solarkanman, yer ostida yotgan konvertga ko‘zim tushdi. "Qiziq? Boya ham bormidi bu konvert?” Bir muddat to‘xtab, eslashga urindim. Eshikni ochganimda bu yerga ko‘z tashlaganim esimda. U payt hech narsa yo‘q edi. Demak, men pastga tushganimda tashlab ketishgan. Unday bo‘ladigan bo‘lsa pod’ezdda hech kimga duch kelmadim-ku?! Yoki men do‘kondaligimda o‘tib ketishdimikin?! Lekin do‘konchada ham unchalik ko‘p qolganim yo‘q. Bir quti qahvaga pul to‘ladim-u, chiqdim…Ha, mayli, bu yog‘ini o‘zi biladi. "

    Boshida xatni kommunal to‘lovlarni to‘lashga eslatma bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Lekin uyga kirib konvertni aylantirib ko‘rdim. Konvertga manzil yozilmagandi. Hayron bo‘lib ichini ochsam qandaydir xat. Biroz o‘ngga qiyshaygan, lekin tushunish oson yozuvlar oq qog‘ozning yarmini to‘ldirgandi.

    “ Salom, birodar!

    Ayolingni uyiga haydab, o‘zingcha erkin qushday yashab yuribsanmi? Hoynahoy, haliyam egaringdan tushmagandirsan?! Xo‘sh, ayolingdan aziz, qadrli bo‘lgan o‘sha nozaninlar jon kuydirib xizmatingni qilishyaptimi? Yoki pushaymonlik o‘tida yonib, ming turfa o‘ylaring boshingni yeyaptimi?

    Ko‘p urinma...sen bu o‘ylardan bu dunyoda xalos bo‘lolmaysan. Ming chiranganing bilan ular sening xotirangda qolib, har bir kuningda yodingga tushib, miyangni igna kabi o‘yib boraveradi. Ehtiyot bo‘l, sening ishlaydigan birdan-bir a’zoying o‘sha miyang axir…

    Omon bo‘l. Xatni kim yozgan ekan deb, qidirib ovora bo‘lma. Meni topolmaysan. Lekin istasang, o‘sha zahoti qarshingdan chiqaman. Senga insof va sabr tilab

                                                                                                                Kimdir”

    Juda g‘alati…bunaqa bema’ni hazilni qaysi tanishim o‘ylab topishi mumkinligini o‘ylay boshladim. Xayolimga sinfdosh do‘stim Rustamdan boshqa hech kim kelmadi. Bo‘ldi. Aniq o‘sha. Ilgarilari ham turli notanish raqamlardan noma’lum xabarlar yozib, hazil qilib yurardi. Shu odati haliyam bor ekan-da. Endi noma’lum xatga o‘tibdi-da. Erinmagan banda! Shartmikin shunaqa maynavozchilik. Bir tarafdan kulgim qistasa, ikkinchi tarafdan arzimagan maynavozchilikka erinmasdan shuncha “tashvish qilib” yurgan do‘stimdan jahlim chiqdi. Ishdan chiqib ishxonasiga bir kirib o‘tishni dilimga tugib, apil-tapil qahvamni ichdim-u, ishxonaga yugurdim. Oy oxiri yaqinligi uchun odamni ko‘mib yuborar darajada ish ko‘p, bosh qashish tugul, kiprik qoqishga ham vaqtni qizg‘anib qolgan payt. Bo‘lim boshlig‘imizning  yig‘ilmagan ko‘rpadek tirishgan peshonasi har soatda boshimiz ustida “ko‘karadi”. “Ish, ish, faqat ish” Yoningga o‘girilib hamkasbingga gapirolmaysan. Faqat tush vaqtidagina oz bo‘lsa-da erkin nafas olishga imkon bo‘ladi. U ham bir soatdan oshmaydi. Shu bilan kechgacha yana raqamlar to‘la qog‘ozlar bizni kutadi. Xona bo‘ylab faqat kompyuter tugmalarining bosilgandagi “shiq-shiq”i-yu, qabul bo‘limidan kelayotgan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushlar eshitilib turadi. Hisob bo‘limida o‘z nomiga mos tarzda tinchlik hokim, faqat ko‘z va qo‘llar ishaydi. Oraga tilingiz bemaqsad aralashsa, arzimagan xato tug‘ilib, ust-ustiga o‘ziga o‘xshaganlarini tug‘ishga tushadi. Bundan yomoni esa yo‘q. Soat besh-besh yarimlarda boshqa xodimlar bitta-bitta g‘oyib bo‘lishadi. Lekin bizning bo‘lim ko‘pincha qorong‘u tushgunicha ishlayveradi.

(davomi bor...)

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

Filologiya fakulteti talabasi.