EʼLON
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti transformatsiya va strategik rivojlanish bo‘yicha prorektor lavozimiga ishga taklif qiladi.
Vakansiya
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 13 yanvardagi PQ–82-sonli qaroriga asosan, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida (bundan keyingi o‘rinda universitet deb yuritiladi) Transformatsiya va strategik rivojlanish bo‘yicha prorektor lavozimi tashkil etilgan.
Lavozim haqida qisqacha tavsif va majburiyatlar
Transformatsiya va strategik rivojlanish bo‘yicha prorektor lavozimi quyidagi vazifa va majburiyatlarni o‘z ichiga oladi:
- mavjud anʼanaviy universitetni jahon andozalari darajasidagi tadqiqot universitetiga aylantirish bo‘yicha ish rejasi ishlab chiqish va uni amalga oshirish jarayoniga rahbarlik qilish;
- universitetning strategik rivojlanish rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- universitet faoliyatini nufuzli xorijiy universitetlar faoliyatiga transformatsiya qilish;
- universitetning o‘quv hamda ilmiy dasturlari va resurslarini xalqarolashtirishni targ‘ib qilish;
- xalqaro ilmiy, taʼlim va salohiyatni oshirish yo‘nalishlaridagi grantlar va IT startup loyihalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va universitetga sarmoya jalb qilishda faol ishtirok etish;
- universitet boshqaruv tizimi hamda o‘quv va ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish jarayonlari, kutubxona faoliyati va hujjatlar aylanmasini raqamlashtirishga asos bo‘luvchi “Raqamli universitet” platformasini ishlab chiqish va faoliyatini taʼminlash;
- jahondagi ilg‘or tajribalarni o‘rganib borish va ularni o‘z faoliyatida ishlab chiqarishga joriy etish choralarini ko‘rish;
- universitet huzuridagi taʼlim tashkilotlariga tashkiliy ishlarda tegishli yordam va maslahatlar berish xizmatini tashkil qilish hamda amalga oshirish;
- universitet rahbariyati bilan hamkorlikda universitet barcha faoliyat yo‘nalishlari sifatini oshirish, universitetni bozor iqtisodiyoti sharoitida barqaror dinamik o‘sish trayektoriyasiga olib chiqish, uni zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh va ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassislar (bitiruvchilar) tayyorlash bilan ajralib turadigan oliy taʼlim muassasasiga aylantirishda ishtirok etish.
Nomzod ega bo‘lishi lozim bo‘lgan malakalar:
- dunyodagi QS, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities reyting agentliklarining birida eʼlon qilingan TOP-300 universitetlarda PhD yoki DSc ilmiy darajasiga ega bo‘lishi;
- tegishli sohada xalqaro Scopus va Web of Science (Q1, Q2) jurnallarda chop etilgan maqolalari bo‘lishi va N indeksi 5 dan yuqori bo‘lishi;
- universitet boshqaruvi bo‘yicha ilg‘or xorijiy oliy taʼlim muassasalarida to‘plangan muayyan tajriba;
- gumanitar, tabiiy va aniq fanlar sohalari bo‘yicha oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sifatini taʼminlash bo‘yicha puxta bilim;
- fanlararo va aniq fanlar bilan ishlash qobiliyati;
- oliy taʼlim, tadqiqot va ishlanmalarni transferi bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish va boshqarish qobiliyati;
- universitetning asosiy ustuvor yo‘nalishlari faoliyatini anglash.
Tillarni bilish talabi:
Ingliz tilini mukammal bilishi talab etiladi. O‘zbek va rus tillarini bilish darajasi ham hisobga olinadi.
Tanlovda ishtirok etish:
Tanlovda ishtirok etish uchun ariza, tavsiya beruvchi shaxslarning ismi-sharifi ko‘rsatilgan 2 tavsiyanoma, talabgorning yangilangan “Rezyume” si va so‘ralgan ish tajribalarini ko‘rsatuvchi ishlari haqida yozma maʼlumotlarni jo‘natish so‘raladi. Ariza va so‘ralgan hujjatlarni 2022-yil 27-yanvaridan 28-fevralga qadar devonxona@samdu.uz elektron pochta manziliga yuborish so‘raladi. Ariza universitet prorektorlik lavozimi sarlavhasi bilan yuborilsin.
Taqdim etilgan hujjatlar tahlili asosida tanlangan va qisqa ro‘yxatga kiritilgan nomzodlar universitet Boshqaruv Kengashi vakillari bilan suhbatga taklif qilinadi.
Universitet tabiiy fanlar, matematika va statistika, axborot–kommunikatsiya texnalogiyalari, muhandislik va texnologiya, qishloq xo‘jaligi, gumanitar, biznes, boshqaruv va huquq kabi sohalarda o‘zining bir necha yuz yillik anʼanalari va ilg‘or dasturlari orqali tanilgan, birinchi darajali akademik va tadqiqot universiteti hisoblanadi.
Universitet missiyasi: universitet mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining flagmaniga aylantirish, taʼlim sifatini oshirish hamda iqtisodiyotning dolzarb sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy taʼlim muassasalari ro‘yxatiga kiritish, taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, taʼlimning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yo‘lga qo‘yishdan iborat
Universitet haqidagi batafsil maʼlumotni https://samdu.uz sahifasi orqali olishingiz mumkin.