Oq yurak

«U ketdi, » vujudimni allaqanday iztirob qoplab olgandek bo‘ldi. Qo‘limdagi suratni mahkam siqqanimcha, ajin qoplagan yuzi ko‘z oldimga keldi. Nega menga aytmasdan ketdi...turfa o‘ylar boshimda g‘ujg‘on urar, ko‘z oldimda dadasining bag‘rida erkalanayotgan 8 yoshli Javlon, va uni dag‘al barmoqlari bilan mahkam quchgan «ajinli amaki» keldi...Ana shundagina bu xabarni sevinch bilan qarshilash kerakligini angladim...
Hammasi o‘sha ko‘chamiz boshida joylashgan mebel sexiga jazosini o‘tayotgan mahkumlarning ishlash uchun kelishidan boshlangandi. Bu xabarni ilk marta o‘rtog‘im Mahmuddan eshitganimda, cho‘chib tushdim. Axir ular o‘z nomi bilan «qamoqxonadagilar». «Mahbus » so‘zini eshitganimda ko‘z oldimga kinolarda ko‘rganim soqol-mo‘ylovi o‘sgan, qo‘rqinchli chehralar namoyon bo‘lardi. Boshqa o‘rtoqlarim ham xuddi mendek o‘ylashgan chog‘i, maktabga borish va qaytishda mebel sex yonidan o‘tadigan o‘z yo‘limizni tashlab, narigini ko‘chani aylanib o‘tadigan bo‘ldik. Maktabga borishda-ku, o‘rtoqlarim yonimda bo‘lgani uchun hech narsadan qo‘rqmasdim. Biroq, hammasidan ham qo‘rqinchlisi rasm to‘garagiga borib kelishim edi. San’at maktabi sharq tomonda bo‘lib, unga borish uchun albatta mebel sexining yonidan o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Mendek yuragi kichkina bolalar uchun bu juda mushkul vaziyat edi. Boshida bir-ikki kun akam bilan ketdim, chunki mening san’at maktabiga borishim, akamning maktabga borishi bilan bir xil vaqtga to‘g‘ri kelardi. Mebel sex yonidan o‘tayotganimizda sex tomonga qo‘rqa-qo‘rqa bir-ikki qarab olardim. Bunday vaqtda sex hovlisida odam kam ko‘rinar, faqat stanoklarning bir maromda g‘izillashi-yu,odamlarning g‘ala-g‘ovur tovushlari eshitilib turardi. Uchinchi kundan boshlab, to‘garagimizning vaqti o‘zgardi, endi men mashg‘ulotlarga bir o‘zim borishga majbur edim. Qo‘limda oq qog‘ozlar solingan katta papkamni qo‘ltiqlab, yo‘lga tushdim. Shahdam ketayotgan qadamlarim negadir mebel sexi yoniga kelganimda sekinlashib qolgandek bo‘ldi. Sex hovlisi tomonga bir qarab oldim. Hovli yuzida odam ko‘rinmas, har doimgidek stanoklar bir maromda ishlab turardi. Qo‘rquvim biroz bosilgandek bo‘lib, «xavfli hudud»dan «eson-omon» o‘tib oldim. Bu men uchun g‘alaba edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, darsda ham chizgan ishlarim juda o‘xshab chiqdi, buning uchun ustozimdan alohida maqtov ham eshitib oldim. Xursand kayfiyatda darsdan qayta boshladim (dars vaqti surilgani uchun, shom kirib qolganda tugagandi). «Xavfli hudud»ga kelganda, qadamlarim doimgidek sekinlashdi. Hovlida bir to‘p odam turar, g‘ira-shira qorong‘ulikda ularning qaysi bir oddiy ishchi, qaysi biri «yollanma» ishchilar bilib bo‘lmasdi. Hammasidan ham tashvishlisi, ulardan birining sim devorga qo‘llarini suyaganicha, ko‘cha tomonga ya’ni menga qarab turgani edi. Shu lahzada nimalarni o‘ylaganim esimda yo‘q. Bilganim, yugurganimcha oldinga olg‘a yurdim. «Xavfli hudud» dan o‘tib olgach, ortimga bir qarasam, haligi odam haliyam menga qarab turardi. Men yana yugurib ketdim.
Ertasi kuni mashg‘ulotga borib kelish uchun, o‘rtog‘im Mahmudning velosipedini olib turgani ularnikiga chiqdim. Mahmud hovli o‘rtasidagi so‘rida o‘tirgan ko‘yi, o‘yinchoqlarini titkilab o‘tirgan ekan. «Velosiped, ana, darvoza yonida. Minib ketaver,»- dedi u.Unga velosipedni kechqurun olib kelib berishimni aytdim.
—Darslaring shunday kech tugaydimi?,- hayratlandi u,-qo‘rqmaysanmi?
— Yo‘q,- dedim ikkilanibroq.
— Opamning sinfdoshi borku Ma’ruf, ko‘chaning oxirida turadi, taniysanmi?
— Ha, taniyman. Nimaydi?
— O‘sha tunov kuni kechqurun tog‘asinikidan qaytayotsa, mebel sex hovlisidan bir odam chiqib kelib, uni quvibdi. Bechora joni boricha yugurib, zo‘rg‘a qutulibdi. Ertasi kuni hammayog‘ini uchuq bosib ketganidan, maktabga ham borolmabdi.
Qo‘rqqanimdan, damim ichimga tushib ketdi.
— Endi, har ehtimolga qarshi ehtiyot bo‘l, deymanda,- deya gapini tugatdi u.
Velosipedni sudrab uyimizga olib kelganimdan keyin, bu voqea esimdan ham chiqib ketgandi. Velosiped haydashga qiziqib ketganimdan, bo‘lsa kerak atrofga parvo ham qilmay, san’at maktabiga yetib oldim. O‘qituvchimiz bu gal portret chizishni o‘rgatdilar. Mashq ancha qiyin edi. Tugatgunimcha kech tushdi. Qorong‘u yo‘lda velosipedimni jiringlatib keta boshladim. Mebel sex yonidan o‘tarkanman, o‘zimni chalg‘itish uchun, iloji boricha yaxshi narsalar haqida o‘ylay boshladim. Qorong‘ulik anchayin quyuqlashib qolgandi. To‘satdan velosiped baloni nimagadir urildi-yu, «qars» etdi. Muvozanatni yo‘qotib, yonboshim bilan ag‘anab tushdim. Kuchli zarbadan butun azoyi badanim zirqirab ketdi. Ko‘chada hech kim yo‘q edi. Shu payt mebel sex hovlisidan bir sharpa chiqib kela boshladi. Qadam tovushlari, tobora yaqindan eshitilar, nazarimda kelayotgan odam men tomonga qarab kelardi. To‘satdan Mahmud aytib bergan haligi voqea esimga tushdi-yu, yuragimni vahima bosdi. Qo‘rqqanimdan, nima qilarimni bilmasdim. Baqirmoqchi bo‘lardim, lekin ovozim chiqmasdi. Oyoqlarim velosiped tagida qolib ketgan, bu ahvolda qochish ham imkonsiz edi. Ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi, bu og‘riqdanmidi, yoki qo‘rquvdan, buni tahlil qiladigan ahvolda emasdim. Bu orada haligi odam yonimga yetib keldi. Hozir meni o‘ldiradi, degan o‘yda ko‘zlarimni chirt yumib, boshimni yelkalarim orasiga oldim. Bir, ikki... Noma’lum odam yetib kelib, oyoqlarimni bosib qolgan velosipedni nari oldi.
—O‘rningdan tura olasanmi?
Shundagina ko‘zimni ochdim. U qo‘ltig‘imdan olib, meni turg‘izib qo‘ydi, chang bo‘lgan shimim pochalarini qoqdi.
— Tizzang ozgina shilinibdi xolos. Bu xarsang senga o‘xshaganlarning ko‘pini shunday ahvolga solgan. Nega ertaroq, oldirib tashlashmadi ekan, hechqisi yo‘q. Ertaga o‘zim olib tashlayman. Uying qaerda o‘zi? Kimning o‘g‘lisan?
Duduqlana-duduqlana «ko‘chaning oxirida» deya oldim xolos.
— O‘zing yura olasanmi?
Shosha-pisha bosh irg‘adim. Shu payt xayolimga lop etib, velosiped keldi. «Velosipedim!»
— Mana velosipeding. Ruli qiyshayibdi. Haydashga yaramaydi. Yetaklab ketaqol.
Ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi. Mahmudga olib ketganimda qanday bo‘lsa, shunday qaytaraman, deganman. Endi nima bo‘ladi?
— Nega yig‘layapsan, yoki jarohating og‘riyaptimi?
— Velosiped o‘zimniki emasdi, endi uni egasiga qanday qaytaraman,-dedim yig‘lamoqdan nari bo‘lib.
— Unda chatoq bo‘libdi - boshini sarak-sarak qildi amaki, - agar xohlasang uni tashlab ket. Ertaga ertalabgacha tuzatib qo‘yaman. Egasi so‘rasa ertaga olib chiqaman degin. Xo‘pmi?
Bunday paytda boshqa chora yo‘q edi. Velosipedni olib ketganim bilan, uni tuzatadigan odam yo‘q. Akamning qo‘lidan kelmaydi. Dadam esa safarga ketgan.
— Xo‘p.
Uyga kelgach notanish amaki haqida ko‘p o‘yladim. Egnidagi kiyimlaridan mahbus ekanligi ko‘rinib turardi. Uning ko‘rsatgan mehribonligi meni juda hayron qoldirayotgandi. O‘rtoqlarimdan eshitganlarim va o‘zimning tasavvurimdagi «mahbus»lar toshbag‘ir, bemehr jinoyatchi edi. Ularda oddiy odamlarda bo‘ladigan hissiyotlar yo‘q deb o‘ylardim. Qonunbuzarlardan yaxshilik kutib bo‘lmaydigandek tuyilardi. Lekin, bugungi ish, notanish amakining yordami avvalgi fikrlarimdan ikkilanishimga sabab bo‘ldi, qalbimda fikrlar kurashi boshlanayotgandi...
Ertasi kuni ertalab, oyim har doimgidek ikki uy naridagi qo‘shnimiz Sabohat xolaga sut berib kelishimni buyurdi. Xolaning yolg‘iz o‘g‘li oilasi bilan chet elga ko‘chib ketgan, qo‘shni tumanga kelin bo‘lib ketgan qizi bir oyda bir ko‘rgani kelib turardi. Yangi sog‘ilgan sut to‘ldirilgan iliq bankani quchoqlab yo‘lga tushdim. Sabohat aya doimgidek, duo qila-qila bankani bo‘shatib berdi. Xolanikidan chiqib to‘g‘ri mebel sexiga yo‘l oldim. Sex hovlisi eshigida to‘xtadim. Hovli yuzida odam ko‘rinmas nariroqda bir ayol hafsalasizlik bilan hovli supurardi. Ayol tikilib turganimni ko‘rib, men tomonga yurdi. Yaqinlashganda salom berdim. Kimni kutayotganimni so‘radi. Shundagina notanish amakining ismini so‘ramaganim yodimga tushdi.
— Ismini bilmayman. Kecha velosipedimni tashlab ketgandim. Ertalabgacha tuzatib qo‘yaman degandi.
— U shu yerda ishlaydimi? Qorovul cholni aytmayapsanmi mabodo?
— Yo‘q, u chol emasdi. U...- negadir «mahbus» deyishga tilim bormadi.
— Bu yerda ishchi ko‘p. Buning ustiga hali ish vaqti boshlanmagan.Ishchilar yotog‘i ichkari binoda. U yoqqa seni qo‘yishmaydi. Militsiyalar turadi. Yaxshisi, boshqa payt kel.
Noiloj ortimga burilib qaytayotgandimki, ortimdan kimdir «bolakay» deya chaqirdi. O‘girilib qarasam, qo‘lida velosiped yetaklab turgan o‘sha notanish amaki. Yugurib oldiga bordim.— Mana tuzatib qo‘ydim- dedi u velosipedga imo qilib. Qiyshaygani hecham bilinmayapti.
— Ha, bilinmayapti- dedim velosipedni aylanib tomosha qilarkanman.
U velosiped rulini qo‘limga tutaqazdi.
— Endi buni zudlik bilan egasiga olib borib ber. Yana bir ishkal chiqmasin.
— Rahmat, amaki.
Boshimni ko‘tarib yuziga qaradim.Qiziq, kecha qorong‘u bo‘lgani uchun yuzini yaxshi ko‘rmagan ekanman. Amakining peshonasiga ikita katta ajin chiziq solgan, qora, dag‘al yuzi oftobda allaqanday yaltirab ko‘rinardi.
— Isming nima? - dedi yuzimga tikilib.
— Javlon.
Amaki jim qoldi. Aytmoqchi bo‘lgan gapini yo‘qotib qo‘yganga o‘xshardi.
— Mening o‘g‘limning ismi ham Javlon. U 8 yoshda. Sening yoshing nechada?
—12 da.
Maktabga kech qolayotganimni aytib, tezgina xayrlashdim.
(davomi bor...)
Iroda Bekmuradova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi