O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Raisi A.J. Xadjayevga

    Hurmatli Alisher Jo‘raqulovich!

    Bugungi qutlug‘ sana – tavalludingizning 60 yilligi bilan Samarqand davlat universiteti jamoasi nomidan samimiy muborakbod etaman.

    Siz rahbarlik qilayotgan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi muhtaram Prezidentimizning kundalik faoliyatini yuqori saviyada yoritish hamda keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va samaralarini xalqimizga to‘laqonli yetkazishda taʼsirchan targ‘ibotchiga aylandi. Teleradiokompaniya tizimidagi markaziy va hududiy teleradiokanallarda tayyorlanayotgan bugungi zamon talablariga mos ko‘rsatuv va eshittirishlar mamlakatimiz va dunyoning yuzdan ziyod davlatlarida keng auditoriyasiga ega.

    Qadrli Alisher Jo‘raqulovich!

    Siz Samarqand davlat universitetida tahsil olib, axborot texnologiyalari sohasida mamlakatimizda taniqli tashkilotchi va ixtirochi-olim darajasigacha bosib o‘tgan hayot va faoliyat yo‘lingiz yosh avlod uchun ibratdir. Mamlakatimizda axborot siyosatini rivojlantirish
va yuksaltirishda erishilgan natijalarda Sizning beqiyos xizmatlaringiz borligi barchamizni mamnun etadi.

    Sizning hayotingiz universitetimiz bilan chambarchas bog‘liq ekani, padari buzrukvoringiz Jo‘raqul Xo‘jayev o‘simliklar fiziologiyasi bo‘yicha O‘zbekistonda taniqli olim, o‘ndan ziyod o‘quv qo‘llanma, darslik
va monografiyalar muallifi, biologiya fanlari doktori, Samarqand davlat universiteti professori ekani bizga ulkan faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Domla uzoq yillardan buyon universitetimiz rivojiga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. U kishi rahbarligida o‘ndan ortiq fan nomzodlari
va doktorlari tayyorlangan.

    Fursatdan foydalanib, yana bir bor qutlug‘ yoshingiz bilan tabriklab, Sizga mustahkam sog‘lik, oilangizga fayzu baraka, faoliyatingiz hamda ijodiy ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman!

    Farzandlaringiz va nabiralaringizning baxtu kamolini ko‘rib yuring!

    Hurmat bilan,

            Rustam XOLMURODOV,

            Samarqand davlat universiteti rektori,

            O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,

            Oliy Majlis Senati aʼzosi.