Samarqand davlat universitetida 2-fevral – “Butunjahon suv-botqoq hududlari kuni” munosabati bilan “Daryo va ko‘llarning ekotizim barqarorligidagi ahamiyati” mavzusida seminar o‘tkazildi.

    Anjuman Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi Zebiniso Po’latova kirish so’zi bilan ochdi:

    - 1971-yil 2-fevral kuni  Eronning Ramsar shahrida jahon hamjamiyati tomonidan suv-botqoq  hududlarini  muhofaza qilish, suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilindi. Bugungi kunda Ramsar ro‘yxatiga 2307 ta suvli-botqoqli hududlar kiritilgan. Ularning umumiy maydoni 228,9 million gektarni tashkil etadi. O’zbekiston 2001-yildan buyon Ramsar Konvensiyasining teng huquqli a’zosi hisoblanadi. Yurtimiz 169  davlat qatorida ushbu Konvensiya maqsadlarini amalga oshirib kelmoqda. Ular orasida  dunyo bo‘ylab barqaror rivojlanishga erishish vositasi sifatida suv-botqoq hududlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish, o‘z hududida kamida bitta konvensiya talablariga mos keluvchi suv-botqoq hududini yaratish kabilar ham bor...

    Aliqul Ravshanov, Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti dekani, dotsent:

    - O‘zbekistonda suv-botqoq hududlari qariyb bir million gektarni tashkil etib, 500 dan ortiq ko‘llar mavjud. Respublika hududi orqali ko‘chib yuruvchi qushlarning ko‘plab turlari uchun suv-botqoq hududlari qulay qo‘nimgoh bo‘lib xizmat qilmoqda. Daryolar, ko‘llar, suv omborlari va sug‘orish tizimlarida 130 ga yaqin qush turlari uchraydi. “Qizil kitob”ga kiritilgan qushlarning 30 dan ortiq turining hayoti suv-botqoq hududlari bilan uzviy bog‘liq… Dengizko‘l (2002), Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi (2012), To‘dako‘l ko‘li (2020) va Quyimozor suv ombori (2020) Xalqaro ahamiyatdagi suv-botqoq yerlarning ro‘yxatiga kiritilgan. Bugungi kunda Jiltirbas, Achiqko‘l va boshqa qator ko‘llarni ham Ramsar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda...

    Yig‘ilishda tadbir ishtirokchilari tomonidan suv-botqoq hududlarning o‘rmon hudularga nisbatan uch barobar tez kamayib ketishi ehtimoli mavjud ekanligi qayd etildi. Bu jiddiy muammo  va bunday yerlarni saqlash insoniyat uchun ham muhim ahamiyatga ega.

    Tadbir yakunida talabalar tomonidan daryo va ko‘llarni, suv botqoq hududlarini muhofaza qilish yuzasidan  fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.