Fakultet dekani

Tillayev Sanjar Usmonovich

  • Qabul vaqti: Har kuni 14:00 dan 16:00 gacha
  •  Telefon: +99866 239-10-84; +99893-998-34-40
  •  Elektron pochta: s-tillayev@samdu.uz

Biografiya

2000 - 2004 – yillar Samarqand davlat universiteti talabasi 
2004 - 2006 – yillar Samarqand davlat universiteti Analitik kimyo kafedrasi magistranti 

2006 - 2009 – yillar Samarqand davlat universiteti Analitik kimyo kafedrasi aspiranti
2010 - 2011 – yillar Samarqand davlat universiteti Analitik kimyo kafedrasi kabinet mudiri

2011 - 2012 – yillar Samarqand davlat tibbiyot instituti bioanorganik, bioorganik, biologik kimyo va farmakologiya kafedrasi assistenti
2012 - 2013 – yillar Samarqand davlat universiteti Organik va noorganik kimyo kafedrasi dotsenti
2013 - 2018 – yillar Samarqand davlat universiteti Organik va noorganik kimyo kafedrasi mudiri

2018 - 2020 – yillar Samarqand davlat universiteti Kimyo fakulteti o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari
2020 - 2022 – yillar Samarqand davlat universiteti Organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasi mudiri
2022 – yildan Samarqand davlat universiteti Kimyo fakulteti dekani

FAKULTET HAQIDA

    Fakultetning qisqacha tarixi

    Universitetda kimyoviy fanlar sohasidagi tadqiqotlarning boshlanishi, kimyo laboratoriyasi barpo etilgan vaqt – 1928 yildan boshlanadi. 1933 yilda universitetda kimyo fakulteti tashkil qilinadi. Ikki yil o‘tgandan keyin unda kimyo ilmiy tekshirish instituti ish boshlaydi. Uning laboratoriyalarida kimyo fanining muhim bo‘limlari: noorganik, organik, analitik, fizikaviy  va kolloid kimyo fanlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.

    Organik kimyo bo‘yicha ilmiy izlanishlarni 1920 yillarda professor L.N.Parfentev boshlab bergan. 1933-1941 yillar davrida sintez sohasida, ayrim fosfororganik birikmalarning xossalari (L.N.Parfentev, M.X.Shodiev, A.A.Shamshurin), natriyorganik (S.P.Lagerev, A.N.Bin), olefinlar (K.M.Shodmonov) va ularning hosilalari (A.A.Shamshurin, R.A.Ibodulin) to‘g‘risda tadqiqotlar olib borilgan.

    Zarafshon vodiysidagi o‘simliklar resurslari to‘g‘risda qilingan ilmiy tadqiqot ishlari juda muhim o‘rin egallaydi (M.M.Abramov, S.M.Strepkov) o‘simlik moddalari kimyosi sohasidagi tadqiqotlarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlardan prof. G.V.Lazurevskiy (keyinchalik Moldova Respublikasining akademigi) va akademik O.S.Sodiqovlar bo‘lib, O‘rta Osiyo respublikalaridagi o‘simliklar xomashyosi alkaloidlarini o‘rganishga dastlab asos soladilar.

    1933 yildan 1941 yilgacha 200 ga yaqin talabalar o‘qiganlar, shu yillarda kimyo fakultetini 125 ta talaba bitirgan, ulardan 12 dan ortig‘i nomzodlik dissertatsiyalarini yoqladilar. V.I.Ezdakov, N.Ilyasov, B.Kruglov, S.Yusupovalar doktorlik dissertatsiyalarini himoya qiladilar. K.Shodmonov professor unvonini oladi.

    1941 yilda Ikkinchi Jaxon urushi boshlanishi bilan universitetning boshqa fakultetlari qatori kimyo fakulteti ham o‘z faoliyatini tugatadi. Talabalar va butun o‘quv jihozlari SAGU (O‘rta Osiyo Davlat Universiteti)ga qo‘shib beriladi.

    1944 yilda O‘zDU  qayta tiklanadi, ammo kimyo fakulteti tiklanmaydi, faqat fakultetlararo xizmat qiluvchi umumiy kimyo kafedrasi ochiladi. Kafedrani kimyo fakultetining sobiq talabasi dotsent Rashid Abduraxmonovich Ibodulin boshqaradi. 1959 yili kimyo bo‘yicha kechki bo‘limga talabalar qabul qilinadi. Ushbu bo‘lim talabalari va umumiy kimyo kafedrasi biologiya fakultetining tarkibida edi.

    1960-1961 o‘quv yillarida universitet tarkibida kimyo fakulteti yana o‘z faoliyatini boshlaydi va shu yili ham kunduzgi, ham kechki bo‘limga talabalar qabul qilinadi va kimyo mustaqil fakultet sifatida biologiya fakulteti tarkibidan to‘liq ajralib chiqadi. Urushdan keyin tiklangan kimyo fakultetining birinchi dekani bo‘lib  R.A.Ibodullin saylanadi. 1959-1964 yillarda R.A.Ibodullin fakultet rahbari sifatida, uning rivojlanishiga, o‘quv jarayonini takomillashtirishda, fakultetni yuqori malakali o‘qituvchilar va laborantlar tarkibi bilan komplektlashdagi xizmatlari beqiyos kattadir.

    1964 yil Samarqandda arxitektura-qurilish va me’morchilik institutining ochilishi munosabati bilan domlani katta tashkilotchilik qobiliyatini hisobga olib u erga ishga taklif qilishadi. Dastlab prorektor va keyinchalik umrining oxirigacha dekanlik vazifalarida ishlaydi. 1964-1974 yillarda kimyo fakultetida dekanlik vazifasini dots. M.M.Abramov bajaradi. Bu davrda kimyo fakulteti universitetning eng etuk fakultetlaridan biriga aylandi. Bunda M.M.Abramovning ham dekan sifatida, ham anorganik kimyo kafedrasining mudiri sifatida xizmatlari katta.

    1974 yil dekan vazifasini dots. X.I.Mardiev bajaradi. 1975 yilda organik kimyo kafedrasi dotsenti Sh.V.Abdullaev dekanlikka saylanadi va 1983 yilgacha shu vazifada ishlaydi. Sh.V.Abdullaev – kimyo fakulteti urushdan keyin tiklanganidan so‘ng ikkinchi bitiruvchi yosh rahbar kadr edi.

    1970-1980 yy kimyo fakultetining haqiqiy gullab yashnagan davriga to‘g‘ri keladi. Kimyo fakultetini shu davrda bitirganlaridan 64 kishi kimyo fanlari nomzodligini olish uchun dissertatsiya yoqlaydilar, bir kishi D.I.Ivnitskiy MDUda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilfdi. Bu shu davr bitiruvchilari orasidan chiqqan birinchi kimyo fanlari doktori edi.

    1970 yildan boshlab fakultetning har yilgi  kontingenti 550 kishiga etdi, ulardan 250 kishi kunduzgi bo‘lim, 300 tasi kechki bo‘lim talabalari edi. Hozirda ham har yili kimyo fakultetini 200 ga yaqin talaba bitirib chiqmoqda.

    Fakultet jamoasi ham katta va turli-tuman o‘quv, ta’lim-tarbiya ishlarini xuddi shu maqsadda olib borishga intilmoqda. Samarqandlik kimyogar, olim-murabbiylar  mustaqillik  ruhiga mos g‘ayrat bilan ishlab yangi-yangi ixtisosliklar bo‘yicha yetuk kimyogar mutaxassislar tayyorlash uchun tinmay izlanmoqdalar.

Fakultetning bugungi kuni

    Kimyo yo‘nalishi bir necha yillar Tabiiy fanlar fakulteti tarkibida, keyinchalik Biologiya va kimyo fakulteti tarkibida faoliyat olib bordi. Unda uchta kafedra “Analitik kimyo”, “Organik va noorganik kimyo” va “Fizikaviy kimyo” kafedralari faoliyat olib bordi.

    2018-yil sentyabr oyidan boshlab Kimyo fakulteti sifatida qayta nomlandi. Hozirda fakultetda beshta: “Analitik kimyo”, “Noorganik kimyo va materialshunoslik”, “Organik sintez va bioorganik kimyo”, “Fizikaviy va kolloid kimyo” hamda “Polimerlar kimyosi va kimyoviy texnologiya” kafedralari faoliyat olib bormoqda.

    Fakultetda «Kimyo», «Kimyo o’qitish metodikasi», «Kimyoviy texnologiya» va «Materialshunoslik va yangi materiallar kimyosi» yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar, «Kimyo» mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, «02.00.01-Noorganik kimyo», «02.00.02-Analitik kimyo», «02.00.03-Organik kimyo», «02.00.04-Fizikaviy kimyo», «02.00.06-Yuqori molekular birikmalar» hamda «02.00.12-Nanokimyo, nanofizika va nanotexnologiya» ixtisosliklari bo‘yicha tayanch doktorantura mavjud.

    Fakultetda mavjud kafedralarda 10 ta fan doktori, professorlar, 1 ta fan nomzodi professor, 32 ta fan nomzodi (PhD), dotsentlar faoliyat ko‘rsatmoqda, fakultet ilmiy salohiyati 75,4 % ga (2022) teng.

    Fakultetda analitik kimyo, noorganik kimyo, fizikaviy kimyo va organik kimyo ilmiy maktablari mavjud bo‘lib, bu maktablar asoschilari va ularning izdoshlari tomonidan:

  • atrof-muhit ob’yektlari monitoring uchun turli analitik usullar ishlab chiqish;
  • oqova va ichimlik suvlari kimyoviy tarkibi monitoringi;
  • turli zaharli va portlovchan gazlarni uzluksiz avtomatik usulda aniqlash uchun kimyoviy sensorlar ishlab chiqish;
  • analizning fizik-kimyoviy usullarini takomillashtirish;
  • mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish texnologiyasi;
  • koordinatsion birikmalar sintezi va tadqiqoti;
  • turli birikmalarni xromatografik ajralish jarayonini optimallashtirish;
  • polimer gellar va ularda moddalarning ajralish jarayonlarini tadqiq etish;
  • mahalliy xom ashyolar asosida sorbentlar olish;
  • nanomateriallar sintezi va tadqiqoti;
  • kimyoviy jarayonlarni kompyuter modellashtirish;
  • turli biologik faol organik moddalar sintezi;
  • dorivor preparatlarning maqsadli sintezi;
  • biofaol birikmalar miqdorini aniqlash uchun analitik uslublar ishlab chiqish;
  • xalq xo’jaligi uchun turli funksional materiallar sintezi;
  • sanoat chiqindilari asosida kimyoviy mahsulotlar olish texnologiyasi;
  • neft va tabiiy gazni kimyoviy qayta ishlash, neft-kimyoviy sintez;
  • mahalliy xom ashyolar asosida kley va bog’lov materiallari olish;
  • turli sanoat jarayonlari uchun selektiv va yuqori samarador katalizatorlar ishlab chiqish;
  • kimyo fanining o’qitishning zamonaviy usullari va uslublarini ishlab chiqish va boshqa yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

    Fakultetda ilmiy daraja beruvchi PhD.28.02.2018.K.02.05 raqamli ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Unda “02.00.02–Analitik kimyo” va “02.00.04–Fizik kimyo” ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy ishlar himoyasi o’tkazilmoqda.

    Fakultet qoshida eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan o‘quv hamda ilmiy laboratoriyalar mavjud. Ushbu laboratoriyalarda quyidagi tadqiqot ishlarini amalga oshirish imkoniyati mavjud:

1. Spektrofotometr “UV-2600 Shimadzu” – moddalarning spektral tavsivlarini o’rganish uchun;

2. IQ-Fur’ye spektrometr “IRAffinity-1S Shimadzu” – moddalarning spektral tavsivlarini o’rganish uchun;

3. Kukun rentgen difraktometri “Shimadzu Maxima X XRD 7000” – materiallar tuzilishi va tarkibini aniqlash uchun;

4. ВЕТ sorbtometr “Sorbi-M” – materiallarning g’ovakligi, yuza sirtini aniqlash uchun

5. Spektroflyuorimetr “FluoroMax 4” – lyuminessent moddalar bilan ishlash uchun;

6. YuSSX-MS “LCMS” – aralashmalar kimyoviy tarkibini aniqlash uchun;

7. Termik analizator “LABSYS evo STA 1600” – materiallarning termik xususiyatlarini tadqiq etish uchun;

8. Energodispersion rentgenfluoressent spektrometr “NEXDX-8100P” – moddalarning kimyoviy tarkibini aniqlash uchun

9. Atom-absorbsion spektrometr “Aurora” – jida kichik miqdordagi ionlarni aniqlash uchun

10. Gaz-suyuklik xromatografi “Kristall-Xromatek 9000” – gazsimon hamda oson uchuvchan suyuqliklarni sifat va miqdoriy aniqlash uchun.

    Mustaqillik yillarida fakultetda tahsil olgan talabalardan 2 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiatlari (N.I.Fayzullaev, A.P.Ishankulov) va 10 dan ortiq fan olimpiadalari g‘oliblari bo‘ldilar.

    Fakultetda «Beruniy» nomidagi Davlat mukofoti laureatlari (prof.A.Nasimov, dots.Z.Normuradov), «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi» (prof.A.Nasimov), «Mehnat-shuhrati» ordeni sohibi (prof.E.Abdurahmanov), Oliy attestatsiya komissiyasining Kimyo-farmatsevtika bo‘yicha eksperti (prof.N.Q.Muxammadiyev) va Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (prof.S.D.Aranbayev) faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

    Fakultetning professor-o‘qituvchilar jamoasi O‘zRFA qoshidagi ilmiy tadqiqot institutlari, respublikamiz va xorijdagi 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tadqiqot markazlari bilan o‘zaro samarali hamkorlik o‘rnatilgan.

MALAKA TALABLARI

Bakalavriat yo'nalishi malaka talablari

5110300    Kimyo o’qitish metodikasi
5320100    Materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi (tarmoqlar bo’yicha)
5320400    Kimyoviy texnologiya (ishlab chiqarish turlari bo’yicha)
5140500    Kimyo
 

Magistratura yo'nalishi malaka talablari

5A140501    Kimyo (fan yo’nalishi bo’yicha)
5A140502    Materiallar va moddalar kimyosi (materiallar bo’yicha)