Ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) sohasida faoliyat olib borayotgan yosh olim va olimalarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan Saudiya Arabistoni va YUNESCO tashkilotining birinchi YUNESCO/Al Fozan mukofoti uchun tanlov e’lon qilinganligini ma’lum qilamiz.

    Ushbu xalqaro mukofot har ikki yilda bir marotaba e’lon qilinib, besh mintaqadan tanlab olingan 5 nafar olim va olimalarga taqdim etiladi. Mukofot miqdori 50,000 AQSH dollarini tashkil etadi.

    Mazkur mukofotga tavsiya etilgan nomzodlar xalqaro hay’at tavsiyasi asosida YUNESCO bosh direktori tomonidan tanlab olinadi. YUNESCO/Al Fozan mukofoti bilan bog‘liq bo‘lgan batafsil ma’lumot bilan https://www.unesco.org/en/prizes/al-fozan havolasi orqali tanishishingiz mumkin.

    Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar 40 yoshdan oshmagan bo’lishi va https://apply.unescoalfozanprize.org/login  havolasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari hamda ariza varaqalarini ingliz yoki fransuz tillarida to‘ldirishlari kerak.

    Hujjat topshirish muddati 2022-yil 15-noyabrgacha etib belgilangan.