Hayot haqiqatlari...
“ Milliy g‘oyasi yo‘q, bo‘lsa-da amal qilmaydigan millatni mavh etish oson kechadi. Zero, milliy g‘oya millatning mustahkam qa’lasidir. U millatni tashqi ta’sirlardan ham himoya qiladi, Vatan muqaddasligini, ozodlik qadrini, o‘zlikni asrash imkonini beradi.
Yangi O‘zbekistonning yangi milliy g‘oyasi sifatli ta’lim va samarali ilm-fan negizida yuqori intellektual darajali avlod asosiga qurilishi kerak, deb hisoblaymiz.
Zotan, milliy g‘oya mamlakat oldida turgan barcha muammolarni yechishning yagona va asosiy vositasi bo‘lishi shart. Yuqori sifatli ta’lim va samarali ilm-fangina bunga kalit bo‘la oladi ” Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning O‘zbekiston Milliy axborot agentligi veb-saytida e’lon qilingan “Milliy g‘oya millat uchun hayot-mamot masalasi” nomli maqolasidan keltirilgan bu iqtibos har birimizni o‘ylashga, fikr yuritishga, uyg‘onishga undaydi.
Maqolada Yangi O‘zbekiston uchun sifatli ta’lim va samarali ilm-fanga tayanib intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash milliy g‘oya negizini tashkil qilishi masalasi har tomonlama asosli dalil va ilmiy izlanishlar bilan ochib berilgan.
Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda, yangilanayotgan O‘zbekiston xalqini ogohlikka va milliy birlikka chaqirish, davlatning yuksak taraqqiyotiga faqatgina ilm-ma’rifat va sifatli ta’lim, bilan erishish mukinligini shu yurtda yashayotgan har bir inson ongiga singdirish juda muhim zaruratdir.
Aholining barcha ijtimoiy qatlamida, amaldoru, oddiy ishchi-xizmatchi, yoshu-qari, barcha uchun tushunarli bo‘lishi kerakki, yuksalishimizning yagona kaliti o‘qimishli, ilmli bo‘lish. Ta’lim bo‘lganda ham odmigina, xo‘ja ko‘rsinga, raqamlar ortidan quvish uchun emas, faqat va faqat sifatli ta’lim uchun kurashishimiz, intilishimiz shart va zarur.
Yosh avlodni tarbiyalash, avvalo, maktabgacha ta’limdan boshlanadi. Maqolada keltirilganidek, oilada onaning ilmli bo‘lishi farzand tarbiyasida muhim o‘rin tutishi ayni haqiqat.
Hatto muqaddas kitoblarimizda ham bola tarbiyasi ona qornidayoq boshlanadi deyilgan. Maqola muallifi ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot faqat ilmli, ma’rifatli insonlar bilan qurilishiga, yaratilishiga urg‘u beradi.
Mazkur maqola bugungi kunda qonunlarimizdagi yangilanishlar, barcha sohalardagi izlanishlar faqat xalqqa sifatli ta’lim berishga qaratilganligini asoslaydi.
Endilikda bu faqat davlatninggina ishi bo‘lmay, har bir fuqaro, shaxs zimmasidagi mas’uliyat ekanligi uqtiriladi.
Bugun jamiyatdagi global muammolar va tahlikali vaziyatlardan yosh avlodni qanday himoya qilamiz? Maqola muallifi bunga quyidagicha javob beradi: Sifatli ta’lim berish, salohiyatni oshirish, samarali ilmga erishish milliy g‘oyaga aylanishi kerak. Yoshlarimizni ilm va ma’rifat bilan qurollantirishimiz zarur.
Ilm-fan millatni yuksaltiradi, bilimli va iqtidorli yoshlari bor davlat hamisha rivojlanish yo‘lida bo‘ladi. Maqolada ta’lim va ilm hamisha qadrlanishi, xalq uchun xizmat qilishi kerakligi tushuntiriladi. Chindan ham insonga e’tiborning muhim ko‘rinishlaridan biri aslida sifatli ta’lim olishdir.
Ilmli, salohiyatli, yetuk, ma’rifatli, intellektual qobiliyati yuqori avlodni tarbiyalash bugun hayot-mamot masalasi bo‘lib turibdi. Shu boisdan, milliy g‘oya darajasida e’tibor qaratilayotgan sifatli ta’lim, samarali ilmga ko‘proq e’tibor berish, ongu-shuuri yuksak avlodni tarbiyalash eng muhim vazifamizdir.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy aytganidek, har bir inson, avvalo, o‘zini tanishi, o‘zligini bilishi, o‘z iqtidorini namoyon eta olishi kerak, shundagina el uni biladi. Shaxsni intilishi, izlanishi va ilmi bilan dunyo taniydi. Endilikda xalq manfaati, davlatimiz istiqboli uchun sifatli ta’lim yo‘lidan borish hayotiy ehtiyoj, zamon zaruratidir.
Insoniyat yaralibdiki, dunyoni bilish, izlanishlar orqali anglaydi. Ilm olish bizga azaliy meros va in’om! Buyuk kelajak, eng avvalo, tomirida buyuklar qoni oqayotgan avlodning ta’lim-tarbiyasi bilan baholanadi. Shunday ekan, barchamiz uchun bugungi hayot-mamot masalasiga chuqur idrok bilan qarash, dunyoda yuz berayotgan jarayonlardan boxabar bo‘lish, eng muhimi, milliy birligimizni mustahkamlash nihoyatda muhimdir.
Boynazar YO‘LDOSHYEV,
Qarshi davlat universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.