Samarqand davlat universiteti

matematik tahlil kafedrasi mudiri

Xasanov Gafurjan Aknazarovich

+998973987799  khasanov_g75@mail.ru

    Gafurjan Xasanov fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. Samarqand davlat universiteti matematik analiz kafedrasida 2001-yildan buyon faoliyat yuritadi. 2020-yildan boshlab Samarqand davlat universitetining matematik analiz kafedrasi mudiri. 2004-yil “Silliq fazali tebranuvchan integrallarning bahosi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2020-yildan matematik analiz kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. Olim mamlakatimiz va xorij nashrlarida 20 dan ziyod ilmiy maqolalar chop ettirgan  va 10 ga yaqin uslubiy va o‘quv qo‘llanmalar muallifi.

    Gafurjan Xasanovning Scopus, Web of Science xalqaro bazalarga kiruvchi ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalari:

https://doi.org/10.37547/tajas/Volume03Issue11-04

https://doi.org/10.1007/s13324-022-00747-w

 

Samarqand davlat universiteti matematik tahlil kafedrasi a’zolari

 

Absalamov  Tolliboy

a.tolliboy@samdu.uz

 

Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. 1981-yildan buyon Samarqand davlat universiteti matematik analiz kafedrasida turli lavozimlarda faoliyat yuritadi. 1984-yilda “Karrali Koshi tipidagi integral va uzluksiz zichlik funksiyali  maxsus integral” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Olim mamlakatimiz va xorij nashrlarida 70 dan ziyod ilmiy maqolalar chop ettirgan va 10 dan ziyod uslubiy va o‘quv qo‘llanmalar muallifi.

http://openaccessjournals.eu

Fayzullayeva Buvraziya

buvraziya_fayzullayeva@samdu.uz

 

Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. 1977-yildan buyon Samarqand davlat universiteti matematik analiz kafedrasida turli lavozimlarda faoliyat yuritadi. 1994-yil “Ochiq chiziqlar bo‘yicha ko‘p karrali maxsus integrallar, ko‘p karrali Koshi tipidagi integrallar va ularning qo‘llanilishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 50 dan ortiq ilmiy va uslubiy ishlar muallifi.

Ne’matov Akbarjon Begimqulovich

a.Nematov@samdu.uz

 

Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. 1995-yildan boshlab Samarqand davlat universiteti mexanika-matematika fakulteti matematik analiz kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi va dotsent lavozimlarida faoliyatini davom ettirib kelmoqda. 2005-yili “Har xil cheksizlikda turli N-zonali potensiallarga yaqin potensialli Shturm-Liuvill operatori uchun sochilish nazariyasining teskari masalasi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Akbarjon Ne’matovning ilmiy-pedagogik faoliyati davomida tayyorlagan 30 ga yaqin o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari, ilmiy maqolalari chop etilgan.

 

Mamirov Berdiyor Ulugbekovich

b-mamirov@samdu.uz

 

Kafedra assistenti. 2013-yildan boshlab matematik analiz kafedrasi assistenti lavozimida ishlab kelmoqda. 2018-yilda “Panjaradagi ikki zarrachali Shredinger operatori xos qiymatlarining qo‘zg‘alishlari” mavzusida fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasini himoya qildi.

Berdiyor Mamirov 30 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar, 2 o‘quv qo‘llanma muallifi.

 

Usmanov Salim Eshimovich

   u.salim@samdu.uz

 

Kafedra assistenti. 2019-yildan boshlab matematik analiz kafedrasida assistent lavozimida ishlab kelmoqda. 2019-yil “Yoyiluvchan gipersirtlar bilan bog‘langan maksimal operatorlarning chegaralanganligi muammosi” mavzusida fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasini himoya qilgan.  Tadqiqotchi gipersirtlar bilan bog‘langan Furye almashtirishlari va maksimal operatorlarning chegaralanganligi muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi. Tadqiqotlarida yoyiluvchan gipersirtlar uchun muvofiqlashgan koordinatalar sistemasining mavjudligi, bunday sirtlarda mujassamlashgan o‘lchovlar uchun Furye almashtirishining tekis bahosi, yoyiluvchan gipersirtlar bilan bog‘langan maksimal operatorlarning yig‘iluvchan funksiyalar fazosida chegaralanganlik masalalarini o‘rganadi.

https://doi.org/10.3103/S1066369X21060086

https://doi.org/10.1007/s10958-022-06032-2

Matematik tahlil kafedrasi tarixi

Matematik analiz kafedrasi Samarqand davlat universitetida dastlab tashkil etilgan kafedralardan biri bo‘lib, u 1934-yilda tashkil qilingan. Birinchi kafedra mudiri dotsent V.P.Solovev bo‘lgan.

1944-yilda universitet qayta tiklangandan keyin kafedraga 1945-1961-yillarda dotsent M.Sobirov mudirlik qilgan. Kafedraga 1961-1966-yillarda dotsent X.Abdullayev, 1966-1972-yillarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi M.Sobirov, 1972-1984-yillarda dosent A.Nazarov, 1984-1985-yillarda dotsent A.Mamatqulov, 1985-1994-yillarda dotsent U.Mamirovlar mudirlik qilgan.

1994-1996-yillarda mexanika-matematika fakultetining matematik analiz va funksiyalar nazariyasi kafedralari birlashtirilib, Funksional nazariya va funksional analiz deb nomlanib akademik S.Laqayev boshqargan.

1996-yildan matematik analiz kafedrasi qaytadan tashkil qilinib unga 2001-yilgacha dosent U.E.Mamirov mudirlik qilgan. 2001-2020-yillarda professor I.Ikromov kafedrani boshqargan.

Turli yillarda kafedrada quyidagi professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatishgan: Ibragimova S., Gʻoziyev A., Nazarov A., Qutmatov Sh., Mamashev S., Bubnov A., Ro‘ziyev J., Matniyazov B, Asrorov Ya., Nurimov T., Qabulov R., Hamroyev Q., Rabbimov S., Mamatqulov A., Soliyev A., Ashurov R., Musayev A., Aymatov Q., Otaqulov S., Laqayev S.N. Abduqodirov E., Mamatqulov H., Ochilov P.I., Islomov I., Korniyenko V., Begmatov A, Jalilov A.,Tursunqulov M., Muyasarov A., Sunnatov X., Boqiyev Q., Pozdniyakova N. Mamatov Sh.

Mudirlik lavozimlarida ishlagan har bir kafedra mudirining ish faoliyti davrida kafedra salohiyatini oshirishda, xorijiy universitetlar bilan aloqalar o‘rnatish hamda yoshlarni ilmiy ishlarga yo‘naltirishda munosib xizmatlari bor.

Jumladan, 1965-yildan hozirgi kungacha kafedra bitiruvchilaridan 10 dan ortiq fan doktori va 40 dan ziyodi nomzodlik dissertasiyalarini himoya qilishgan va ular respublikamizdagi turli oliy o‘quv yurtlarida yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqdalar. Bundan tashqari kafedraning bitiruvchilari davlat boshqaruv tashkilotlarida, tuman xalq ta’limi mudiri, KHK va AL direktorlari, ichki ishlar xodimlari va umumta’lim maktab direktorlari vazifalarini bajarishgan va bajarmoqdalar.

Kafedra qoshidagi maxsus kurslarni tinglagan va faoliyat ko‘rsatib doktorlik dissertasiyalarini himoya qilganlar: B.Abdualimov, X.Xudoynazarov, B.Xo‘jayorov, S.Laqayev, T.Safarov, A.Begmatov, V.Karniyenko, I.Ikromov, A.Djalilov, Sh.Qosimov, O‘.Roziqov, J.I.Abdullayev, S.A.Imomqulov, M.Yaxshiboyev, K.Kuliyev

Kafedraning hozirgi kundagi tarkibi: f-m.f-n.dots. G.Xasanov kafedra mudiri, f-m.f-d. prof.Ikromov I.A., f-m.f-n.   f-m.f-n. dosentlar: Absalamov T., Mardiyev R., Fayzullayeva B. Ashurova Z., Arzikulov A.U., Ne’matov A.B.,   Turaqulov D.D., falsafa doktorlari (PhD)lar: Usmonov S.E., Mamirov B.U., Muranov Sh., assistentlar: Mardonov J., Eshbekov R.U. kafedraning ilmiy salohiyati 89 foizni tashkil qiladi.

Kafedrada faoliyat yuritayotgan ilmiy to‘garak va seminarlar:

Kafedrada tebranuvchan integrallar nazariyasi va matematik analizni o‘qitish nazariyasi va metodikasi ilmiy yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda “Maxsusliklar nazariyasi va uning tadbiqlari” nomli ilmiy seminar professor I.A.Ikromov rahbarligida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bu seminar qatnashchilaridan Gʻ.A.Xasanov “Silliq fazali tebranuvchan integrallarning bahosi” mavzusida 2004-yilda, D.D.Turakulov “Qavariq gipersirtlarda mujassamlangan silliq o‘lchovlar Fure almashtirishlarining baholari haqida” mavzusida 2010-yilda nomzodlik dissertatsiyalarini muvoffaqiyatli himoya qilishdi.

A.R.Safarov “Tebranuvchan integrallarning tekis baholari va ularning tadbiqlari” mavzusida 2017-yilda, S.Usmonov “Yoyiluvchan gipersirtlar bilan bog‘langan maksimal operatorlarning chegaralanganligi muammosi” mavzusida 2019-yilda, Sh.Muranov esa “So‘ndiruvchi ko‘paytuvchili tebranuvchan integrallarning baholari” mavzusida 2020-yilda matematik analiz bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini, K.Kuliyev “Hardi tipidagi tengsizliklar va ularning nochiziqli Shturm-Liuvill masalalariga tadbiqlari” mavzusida 2022-yilda matematik analiz bo‘yicha fizika-matematika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olishdi.

Shu bilan birgalikda kafedrada Gʻ.A.Xasanov va A.Arziqulovlar rahbarligida “Matematik analizni o‘qitish muamolari” nomli ilmiy metodik seminar muntazam faloyat yuritib kelmoqda.

Kafedra a’zolari tomonidan olib borilgan ilmiy hamkorlik ishlari: Kafedra bir qancha xorijiy va MDH davlatlarning OTM lari va ilmiy tekshirish institutlari bilan xamkorlik ishlarini olib bormoqda. Jumladan, ISTP (Italiya), Kiyel universiteti (Germaniya), Putra universiteti (Malayziya), Moskva davlat universiteti (MGU), Novasibrsk davlat universiteti (NDU), Novasibrskning S.L.Sobolev nomli matematika institutlari, A.Yassaviy nomidagi Xalqaro qazoq-turk universiteti(Qozog‘iston respublikasi) bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Buning natijasi sifatida kafedra o‘qituvchilaridan I.A.Ikromov (Italiya, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya), R.Mardiyev (Fransiya), A.U.Arziqulov (Angliya, Turkiya), Gʻ.A.Xasanov (Italiya, Malaziya), S.Usmonov (Turkiya) xorijiy davlatlarda ilmiy safarlarda bo‘lganlar.

Kafedra a’zolari quyidagi xalqaro va respublikamizning grantlari sovrindorlari bo‘lganlar: Prof. I.A.Ikromov. - Germaniyaning Kiyel universitetining DFG (USB-486 raqamli) fondi granti (2001-2019-yillar), Italiyaning Triyest shaxridagi xalqaro nazariy fizika markazi granti (2002-2003), O‘zbekiston Respublikasi O‘zFA FTKK fondi 70 – 06 2005-yil. I.A.Ikromov 2001-yildan hozirgi kunga qadar Germaniyaning Kiyel universiteti professori D.Myuller bilan hamkorlikda DFG fondi granti asosida ilmiy ishlar olib bormoqda. U 1996-2004 va 2007-2013-yillarda Italiyaning Abdus Salam nomidagi xalqaro nazariy fizika ilmiy markazining a’zosi bo‘lgan. OT-F4-69 «Garmonik analiz, darajali geometriya va ularning matematik fizika masalalariga tatbiqlari» (2017, O‘zbekiston)

Prof.A.A.Djalilov. - Italiyaning Triyest shaxridagi xalqaro nazariy fizika markazi granti (2002-yil), Germaniya DAAD ilmiy granti (2004-yil). Fransiya shaxrining Lill universiteti ilmiy granti (2005-yil), Angliyaning Qirolicha jamiyati ilmiy granti (2004-2006-yillar).

Kafedra qoshida magistratura, tayanch doktarantura (PhD), doktorantura (DSc) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Kafedra dars o‘tadigan ta’lim yo‘nalishlari: Kafedra professor-o‘qituvchilari Matematika fakultetining “5130100 – matematika”, “5110100 – matematika va informatika”, “5130300 – Matematik injiniring”, “5140300 – Mexanika va matematik modellashtirish” ta’lim yo‘nalishlariga, Raqamli texnologiyalar fakultetining “5130200 – Amaliy matematika”, “5330100 – Kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari” ta’lim yo‘nalishlariga va Fizika fakultetining “5140200 – Fizika”, “5110200 – Fizika va astronomiya” ta’lim yo‘nalishlariga hamda Xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining talabalariga dars o‘tib kelmoqdalar.

Kafedra o‘tadigan fanlar:

BAKALAVRIAT:

  • Matematika asoslari;
  • Matematik analiz;
  • Analizning tanlangan boblari;
  • Analizda asimptotik usullar;
  • Parametrga bog‘liq xosmas integrallar va ularning tadbiqlari;
  • Umumta’lim darsliklari mazmuni.

MAGISTRATURA

  • Matematik analizning qo‘shimcha boblari;
  • Singulyar integral tenglamalar nazariyasi;
  • Taqsimotlar nazariyasi;
  • Tebranuvchan integral va ularning asimptotikasi;
  • Maksimal operatorlar nazariyasi;
  • Maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi.

Kafedra hayotidan fotolavhalar