Samarqand davlat universitetiga Tojikiston davlat madaniyat va til instituti rektori, filologiya fanlari doktori Nizomi Muhriddin, Tojikiston Milliy Fanlar Akademiyasining markaziy ilmiy kutubxonasi rahbari Shodimuhammad So‘fizoda boshchiligidagi delegatsiya keldi. Undan asosiy maqsad, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haqida film olish yuzasidan Samarqand davlat universitetining filolog olimlari bilan davra suhbati o‘tkazish va ayrim masalalarni muhokama qilishdir.

Tadbirda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Dilnavoz Yusupova ham ishtirok etdi.

- Alisher Navoiyning adabiy merosini o‘rganish uchun Navoiydek fikrlash kerak, - deydi SamDU filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev. – Biz hamkorlarimiz bilan Alisher Navoiy hamda Abdurahmon Jomiyning hayot yo‘li, bizga qoldirgan ilmiy merosi yuzasidan turli muhokamalar olib bordik. Alisher Navoiy butun dunyo tan olgan buyuk olim, shoir, davlat arbobidir. Qomusiy olimni kelgusi avlodga tanitishimizda, uning fikrlarini yoshlarga singdirishimizda bu zot haqidagi filmlar, albatta, muhimdir.

- O‘zbek va tojik xalqalari o‘rtasidagi ma’naviy va madaniy aloqalar haqida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, - deydi professor Jumaqul Hamroyev. - Buyuk allomalar nafaqat ikki qardosh xalq aloqalarini mustahkamlashga, balki ustoz shogird an’anasini davom ettirishga xizmat qiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada yaxshilashga qaratilgan islohotlari natijasida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haqidagi film olinishi o‘zbek-tojik xalqlari madaniy aloqalarining yuksak cho‘qqilarga chiqqanligidan dalolatdir.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Samarqandda Alisher Navoiy ta’lim olgan tarixiy hududlar, Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek madrasasi kabi qadamjolarni ko‘zdan kechirdilar.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda yurtimizda Navoiy ilmiy merosini o‘rganish, tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Samarqand shahrida joylashgan Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykalining bunyod etilishi, bu ikki ulug‘ zotga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom o‘zbek-tojik xalqlarining o‘zaro hamdo‘stligi, madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.